Jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon shahri sudi Rossiya armiyasi safida Ukrainaga qarshi jang qilgan O‘zbekiston fuqarosiga nisbatan hukm chiqargan. 2024-yil 4-dekabr kuni o‘qilgan hukmdan jamoatchilik qariyb bir oy o‘tib xabar topmoqda.
Gazeta.uz nashrining tergov-sud hujjatlariga tayangan holda yozishicha, 2023-yil aprel oyida mavsumiy ish topish maqsadida Moskvaga borgan 39 yoshli T.A. Rossiya Federatsiyasi Qurolli kuchlari safiga qo‘shilish hamda Ukrainaga qarshi harbiy harakatlarda qatnashishga qaror qilgan.
2023-yil 21-iyulida Rossiya Qurolli kuchlari bilan 625-sonli shartnoma tuzgan sudlanuvchi o‘sha yilning dekabrigacha Ukrainaning Shaxtyorsk va Baxmut shaharlarida olib borilgan janglarda qatnashgan.
39 yoshli T.A.ga jangovar harakatlarda qatnashgani uchun oyiga 450 ming rubl (o‘sha paytdagi kurs bo‘yicha taxminan 4950 dollar/57,5 million so‘m) va’da qilingan. Avvaliga u 150 ming rubldan ikki bor moyana olgan, ammo keyin to‘lovlar to‘xtagan.
2023-yil 31-dekabr kuni fuqaro Qozog‘iston chegarasini kesib o‘tib, O‘zbekistonga qaytgan. Shundan so‘ng u o‘z ixtiyori bilan huquq-tartibot idoralariga murojaat qilgan va Rossiya Qurolli kuchlarida xizmat qilganini tasdiqlovchi barcha hujjatlarni taqdim etgan, deyilgan tergov hujjatida.
Sud yig‘ilishida sudlanuvchi qilmishidan pushaymonlikni bildirib, buni og‘ir moddiy ahvoli va oilasining yagona boquvchisi ekani bilan izohlagan.
Sudlanuvchi jangovar harakatlar mobaynida o‘ndan ortiq ukrainalik harbiyni o‘ldirganini tan olgan.
Sud uni O‘zbekiston Jinoyat kodeksi 154-moddasining 1-qismi (yollanish / 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi) va 154−1-moddasining 1-qismi (xorijiy davlatlarning harbiy xizmatiga kirish, yollanish / BHMning 300 baravarigacha jarima yoki 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi) bilan aybdor deb topgan.
Qayd etilishicha, sud jazoni yengillashtiruvchi holatlarni (aybiga to‘liq iqrorligi, pushaymonligi, muqaddam sudlanmagani, oilaviy ahvoli va uch farzandi borligi) inobatga olib, unga 4 yil-u 2 oy muddatga ozodlikdan cheklash jazosini tayinlagan.
Tahlillarga qaraganda, Ukrainada Rossiya qo‘shini safida jang qilayotganlar orasida o‘zbekistonliklar ko‘pchilik tashkil qiladi. Ular asosan Rossiyada sudlanib, qamoqxonada jazo o‘tayotgan kishilardir. Biroq yollanmalar orasida RF fuqaroligini olish yoki pul ishlash maqsadida o‘z ixtiyori bilan urushga ketganlarni ham uchratish mumkin.
Ozodlik avval xabar qilganidek, 2024-yil oktyabr oyida rus armiyasiga yollangan samarqandlik erkakka 3 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Rossiyaning “Vagner” xususiy harbiy shirkati safida yarim yil mobaynida Ukrainada jang qilgan fuqaro Sh.Yo‘ldoshevga nisbatan Ohangaron tumani sudi tomonidan 2 yil-u 6 oy muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi taiyinlangani ham ma’lum.