Abdulla Aripov boshchiligidagi O‘zbekiston hukumati 19-noyabr kuni yangi saylangan Oliy Majlis oldida vakolatlarini zimmasidan soqit qildi, deya ma’lum qildi Bosh vazir matbuot kotibi Bekzod Hidoyatov.
Joriy yilning 27-oktyabr kuni o‘tkazilgan parlament saylovi natijalariga ko‘ra O‘zbekistonda Oliy Majlis (parlament) palatalari yangi tarkibda shakllantirildi.
Konstitutsiyaning 116-moddasi va “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida”gi qonunning 7-moddasiga asosan hukumat parlament yangilanishi munosabati bilan iste’foga chiqishi lozim.
Prezident farmoniga muvofiq, parlament oldida o‘z vakolatlarini zimmasidan soqit qilgan hukumat yangi tarkibdagi Vazirlar Mahkamasi shakllantirilgunga qadar o‘z faoliyatini davom ettirishi belgilangan.
O‘tgan saylovdan boshlab amalga kiritilgan tartibga binoan, yangi bosh vazir nomzodi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi (ilgari Senat bilan birgalikda) ko‘rib chiqishi va tasdiqlashi uchun prezident tomonidan barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari (ilgari saylovda eng ko‘p deputatlik o‘rinlarini olgan partiya) bilan maslahatlashganidan keyin bir oy muddat ichida kiritiladi.
Eslatib o‘tamiz, 2016-yildan beri O‘zbekiston hukumatini boshqarib kelayotgan Abdulla Aripov Oliy Majlis palatalarining 2020-yil 20- yanvar kungi ilk qo‘shma majlisida yana qayta bosh vazirlikka tasdiqlangandi.