Transparency International tashkiloti 2024-yilda jahon davlatlaridagi korrupsiya darajasi bo‘yicha hisobot (Corruption Perception Index) e’lon qildi.
O‘zbekiston mazkur reytingda Angola, Ekvador, Keniya, Shri-Lanka, Togo kabi davlatlar qatorida 32 ball to‘plab, 180 ta davlat orasida 121-o‘rinni egalladi.
Xalqaro tashkilot 100 balli indeks bo‘yicha (0 – korrupsiya darajasi o‘ta yuqori, 100 – o‘ta past) 180 ta davlatdagi holatni baholagan.
Postsovet davlatlardan Gruziya (53 ball), Armaniston (47 ball), Qozog‘iston (40 ball) eng yaxshi natijani, Qirg‘iziston (25), Rossiya (22), Ozarbayjon (22), Tojikiston (19) va Turkmaniston (17) esa eng yomon natijani qayd etgan.
Transparency International yillik hisobot bo‘yicha sharhda turli mamlakatlarda demokratik institutlar va qonun ustuvorligining zaiflashishi korrupsiyaning gullab-yashnashi uchun qulay muhit yaratayotganiga e’tibor qaratgan.
Reytingda Daniya (90 ball) va Finlyandiya (88 ball) yetakchilik qilgan bo‘lsa, Venesuela (10 ball), Somali (9) va Janubiy Sudan (8) autsayderlar safidan o‘rin olgan.
O‘zbekiston Transparency International'ning o‘tgan yilgi hisobotida ham 180 davlat orasida 121-o‘ringa qo‘yilgandi.
Rasmiy Toshkent 2030-yilgacha Transparency International tomonidan e’lon qilinadigan korrupsiya indeksida kamida 50 pog‘onaga ko‘tarilish rejasini belgilagan. Bu “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida 5 ta yo‘nalish bo‘yicha qo‘yilgan yuzta maqsaddan biridir.