Линклар

Шошилинч хабар
06 ноябр 2024, Тошкент вақти: 22:26

O‘zbekiston va AQSH bojxona sohasida yaqindan hamkorlik qiladi


O‘zbekiston va AQSH bojxona rasmiylari tomonidan o‘zaro hamkorlikka oid bitimning imzolanish jarayoni (Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qo‘mitasi fotosurati)
O‘zbekiston va AQSH bojxona rasmiylari tomonidan o‘zaro hamkorlikka oid bitimning imzolanish jarayoni (Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qo‘mitasi fotosurati)

O‘zbekiston-AQSH bojxona xizmati rahbarlari Vashingtonda bojxona sohasida “Hamkorlik va o‘zaro yordam to‘g‘risida”gi bitimni imzolashgan.

O‘zbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, mazkur hujjatga bojxona qo‘mitasi delegatsiyasining Amerika Qo‘shma Shtatlariga safari doirasida qo‘l qo‘yilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, bu O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan buyon o‘zbek bojgirlarining AQSHga qilgan ilk rasmiy safaridir.

O‘zbekiston Bojxona qo‘mitasi raisi Akmalxo‘ja Mavlonov hamda AQSH Chegara va bojxona xizmati komissari Troy Miller tomonidan imzolangan bitim ikki davlat o‘rtasida bojxona sohasida axborot almashish imkonini berib, giyohvand moddalar savdosi, odam savdosi, transmilliy jinoiy guruhlar, jinoiy daromadlarni legallashtirish, bojxona to‘lovlaridan bo‘yin tovlashga qarshi kurashishda hamkorlikning yanada mustahkamlanishiga xizmat qilishi urg‘ulangan.

Qo‘mita xabarnomasida AQSH bojxona sohasida hamkorlikni nazarda tutuvchi bu kabi ikki tomonlama bitimni dunyodagi bor-yo‘g‘i 17 ta davlat bilan imzolagani, O‘zbekiston bu ro‘yxatda 18-davlat bo‘lgani ta’kidlangan.

Qayd etilishicha, ikki davlat bojxona rasmiylari o‘rtasidagi muzokaralarda AQSH chegara va bojxona xizmatining targetlash bo‘yicha mutaxassislarini O‘zbekistonga jalb qilish, shuningdek o‘zbekistonlik mutaxassislarning AQSHda malaka oshirish imkoniyatlari ko‘rib chiqilgan.

“Tashrif davomida O‘zbekiston delegatsiyasi AQSHning Milliy targetlash markazi, Kinologiya akademiyasi, Texasdagi San-Antonio xalqaro aeroporti, Laredo shahridagi “World Trade Bridge” avto chegara bojxona posti, "Texas-Meksika" xalqaro temir yo‘l o‘tkazish punkti faoliyati bilan yaqindan tanishishlari rejalashtirilgan”, deyilgan Bojxona qo‘mitasi xabarnomasida.

XS
SM
MD
LG