Al-Kuvayt shahrida 17-fevral kuni bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Kuvayt amiri Shayx Mish’al as-Saboh ikki davlatning keng qamrovli sheriklik munosabatlarini rivojlantirish to‘g‘risida qo‘shma bayonot qabul qilishdi.
O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati qaydicha, ikki davlat rahbari muzokaralar yakunida quyidagi hujjatlar imzolangan:
• Sanoat sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;
• Havo qatnovi to‘g‘risidagi bitimga bayonnoma;
• Mehnat sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;
• “Aqlli” shaharlarni barpo etish sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;
• San’at va madaniyat sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;
• Sog‘liqni saqlash sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;
• Turizm sohasida 2025-2027-yillarga mo‘ljallangan chora-tadbirlar dasturi;
• Kuvayt arab iqtisodiy taraqqiyot jamg‘armasi bilan hamkorlik to‘g‘risida bitim.
Kuvayt amiri taklifiga ko‘ra mazkur ko‘rfaz davlatiga rasmiy tashrif bilan borgan prezident Mirziyoyev Al-Kuvayt shahridagi “Al-Bayan” saroyida tor doirada uchrashuv hamda rasmiy delegatsiyalar a’zolari ishtirokida muzokaralar o‘tkazgan.
Tomonlar “yashil” energetika, sanoat kooperatsiyasi, qishloq xo‘jaligi, transport va logistika, infratuzilma, shaharsozlik, sog‘liqni saqlash, turizm sohalarini amaliy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida belgilaganlar.
Qo‘shma loyihalarni ilgari surish maqsadida Investitsiya platformasi va Ishbilarmonlar kengashi kabi mexanizmlarni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, Al-Kuvayt shahrida savdo uyini ochish bo‘yicha kelishuvga erishilgan.
O‘zbekiston prezidenti Kuvayt amiriga javob tashrifi bilan O‘zbekistonga kelishni taklif qilgan.