Prezident Shavkat Mirziyoyev 7-noyabr kuni qishloq xo‘jaligida suv va energiya resurslaridan unumli foydalanish masalalari yuzasidan yig‘ilishda mamlakatdagi kanallarni betonlash yuzasidan topshiriq berdi.
Prezident matbuot xizmati yoyinlagan ma’lumotga ko‘ra, yig‘ilishda mamlakatdagi 18 ming kilometr magistral va 94 ming kilometr ichki kanallarni betonlash zarurligi, noyabr-mart oylari betonlash uchun eng qulay vaqtligi uqtirilgan.
O‘zbekiston kanallarda yiliga 13 milliard kub metr suv yo‘qotilyapti. Bu Andijon, Navoiy, Namangan, Samarqand va Sirdaryoning bir yil ishlatadigan suviga tengdir.
Mas’ul idoralarga 66 ta magistral kanal loyihasi va ekspertizasini yakunlab, qurilish ishlarini tez fursatda boshlash, bunga arzon sement yetkazib berishni tashkil qilish topshirilgan.
Hokimlar oldiga fermer va klasterlar bilan birgalikda 1-aprelgacha 15 ming kilometr ichki ariqlarni beton qoplamaga o‘tkazish vazifasi qo‘yilgan.
Kelgusi yilda betonlashga 800 milliard so‘m ajratilishi belgilangan.
Ta’kidlanishicha, mutasaddilar kanallarni betonlashga ajratilayotgan har bir so‘mni maqsadli, tejamkorlik bilan to‘g‘ri ishlatish zarurligi haqida ogohlantirilgan.
Hisob-kitoblar 550 kilometr kanal va ariqlar betonlangani ortidan yiliga 450 million kub metr suv iqtisod bo‘layotganini ko‘rsatgan.