2024-yilda O‘zbekistonda gaz qazib olish hajmi 44,59 milliard kub metrni tashkil etib, 2023-yilga nisbatan qariyb 2,1 milliard kub metr yoki 4,5 foizga qisqargan.
Statistika agentligi chop etgan 2024-yildagi sanoat ishlab chiqarishi bo‘yicha hisobotga ko‘ra, mamlakatda 2024-yil yanvar oyida 3,99 milliard kub metr gaz qazib olingan bo‘lsa, dekabr oyiga kelib bu ko‘rsatkich 3,8 milliard kub metrga tushgan.
Tahlillar mamlakatda zangori olov qazib olish oxirgi yetti yilda 28 foizga yoki 17 milliard kub metrga kamayganini ko‘rsatadi.
2022-yilda gaz qazib olish 53,8 milliard kub metrdan 51,67 milliard kub metrgacha, 2023-yilda esa 46,71 milliard kub metrgacha qisqargan edi.
Pasayish tendensiyasi yil davomida ham davom etgan.
Qazib olish ko‘rsatkichlari tushib borayotgan bir paytda hukumat gaz importi bilan parallel ravishda eksportni ham yo‘lga qo‘ygan.
Iqtisodiy tahlilchilar mamlakatda gaz qazib olish shiddat bilan qisqarib borayotgan sharoitda eksport to‘xtamaganini “paradoks” deb atagan.
Rossiyadan energoqaramlikning oshishi ham xavfli tendensiya o‘laroq baholanmoqda.