O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi internetdagi diniy ekstremistik, terroristik va aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan deb topilgan hamda mamlakat hududiga olib kirish, tayyorlash, saqlash, tarqatish va namoyish etilishi taqiqlangan manba hamda kontentlarning yangilangan ro‘yxatini e’lon qildi.
Ro‘yxatga salkam 1400 ta profil, kanal va materiallar kiritilgan. Jumladan, Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi 203 ta, Telegram messenjeridagi 713 ta, Instagram ijtimoiy tarmog‘idagi 226 ta, YouTube video-xostingidagi 135 ta, Odnoklassniki ijtimoiy tarmog‘idagi 35 ta, Tik-tok platformasidagi 44 ta profil va materiallar taqiqlangan deb topilgan.
Oliy sud matbuot xizmati fuqarolarni “taqiqlangan internet manbalardan yiroq bo‘lish”, “diniy aqidaparastlik, ekstremizm va terrorizm tuzog‘iga tushib qolish”dan saqlanishga undagan.
Ozodlik avval xabar qilganidek, Oliy sud 2019-2024-yillar mobaynida chiqargan 80 dan ziyod qaror asosida mingdan ortiq internet manbani taqiqlagan.
O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 244-1-moddasiga muvofiq, jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etganlik uchun BHMning ikki yuz baravari miqdorida jarimadan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.