Toshkent viloyati Chirchiq shahrida onasi tomonidan ayovsiz kaltaklagan 4 yashar qizcha 7-yanvar kuni jarohatlardan vafot etdi. Bu haqda Qalampir.uz nashri xabar qildi.
2024-yil 23-dekabr kuni Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani tibbiyot birlashmasiga 2020-yilda tug‘ilgan Y.M. tanasidagi turli jarohatlar bilan qabul qilingan. Holat yuzasidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda 47 yoshli ayol norasida qizini qattiq kaltaklab, tan jarohati yetkazgani aniqlangan.
2024-yil 27-dekabr kuni holat yuzasidan Chirchiq shahri IIB tomonidan ayolga nisbatan Jinoyat kodeksining 126-1-moddasi 7-qismi “b” bandi (oilaviy zo‘ravonlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Qizchaning vafoti ortidan onasiga qo‘yilgan ayblov og‘irlashadi.
“Tergov vaqtida jinoyat natijasidagi oqibat o‘zgargani, ya’ni jabrlanuvchining o‘limi fakti jinoyatga huquqiy baho berish jarayoniga ta’sir qiladi – og‘irroq jazoni ko‘zda tutuvchi qismga qayta malakalash lozim bo‘ladi ”, degan Bolalar ombudsmani o‘lim faktini izohlarkan.
Oliy Majlis Senati 2024-yil 15-avgust kuni “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunni ma’qullagan edi. O‘shanda yuqori palata majlisida keyingi yillarda bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari ko‘payib borayotgani, ularning oldini olish, jabrlanuvchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilishning amaldagi huquqiy mexanizmlari yetarli darajada samara bermayotgani qayd etilgandi.
Avvalroq O‘zbekistondagi bolalar uylari va tutingan oilalarda tarbiyalanayotgan 1,5 mingdan ziyod bola “zo‘ravonlik sodir etish xavfi yuqori hisoblangan toifa”da qolayotgani bildirilgandi.