Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev Ukrainaga gumanitar yordam ko‘rsatish uchun bir million dollar miqdorida mablag‘ ajratish to‘g‘risida farmoyish imzoladi. Bu haqda davlat rahbari sayti orqali ma’lum qilindi.
Mazkur mablag‘ Ozarbayjon Energetika vazirligiga beriladi, vazirlik esa elektr bilan ishlaydigan jihozlar sotib olib, ularni Ukrainaga yo‘llaydi.
Ozarbayjon prezidenti farmoyishida Boku bilan Kiyev o‘rtasidagi munosabatlar do‘stlik va hamkorlik zaminida rivojlanayotgani qayd etilgan.
“Ukrainada yuzaga kelgan vaziyat tufayli Ozarbayjon davlati Ukraina xalqiga bir necha bor insonparvarlik yordam yo‘lladi”, deyilgan hujjatda.
2023-yilda Ozarbayjon insonparvarlik yordami o‘laroq Ukrainaga 7,6 million dollarlik elektr jihozlar yo‘llagan.
Rossiya tomonidan Ukrainaga keng ko‘lamli bosqin boshlanganidan keyin Aliyev Boku Ukrainaning hududiy yaxlitligini dastaklashini bildirgan.
“Biz boshqa mamlakatlar kabi Ukrainaning hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlaymiz va bu haqda daraxt ortiga berkinmay, ochiq-oydin aytamiz”, degan u.
O‘tgan yilning sentyabr oyida Boku ozarbayjonlik uch fuqaro Nixad Rzayev, Elxan Shirinov va Vugar Magerramov Chechenistonda qo‘lga olinishi munosabati bilan Rossiyadan Ozarbayjon fuqarolarining huquqlari himoya qilinishini ta’minlashni talab qilgan edi. Ozarbayjon rasmiylari ular Ukraina urushiga majburan yo‘llanganini iddao qilgan.