Polshada bir milliondan ziyod odam o‘ldirilgan Osvensim natsistlar lageri ozod qilinganining 80 yilligiga bag‘ishlangan marosim bo‘lib o‘tdi. Qurbonlarning aksariyati yahudiylar bo‘lgan bu lager 1945-yil 27-yanvarida Qizil armiya tomonidan ozod qilingan edi.
Marosimda 50 dan ziyod davlat rahbarlari va yuqori lavozimli mulozimlar ishtirok etishgan. Ular orasida Polsha prezidenti Anjey Duda, Germaniya prezidenti Frans-Valter Shtaynmayer, GFR kansleri Olaf Shols, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron, Buyuk Britaniya qiroli Karl III, Ispaniya qiroli Filipp VI, Niderlandiya qiroli Villyem-Aleksandr, Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiylar bor.
Ukrainaga nisbatan davom etayotgan bosqinchilik urushi tufayli Rossiya vakillari marosimga taklif qilinmagan. Rossiya prezidenti Vladimir Putin yig‘ilganlarga telegramma yo‘llab, unda sovet askarlari qahramonligi to‘g‘risidagi tarixiy xotira saqlanishi muhimligini urg‘ulagan. Putinga ko‘ra, Rossiya “odamlarning etnik, lisoniy, ma’naviy o‘ziga xosligi huquqini himoya qilish, antisemitizm, rusofobiya va boshqa irqiy mafkuralar yoyilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni qiladi”.
Polshadagi marosim mehmonlari orasida lagerning 50 dan ziyod sobiq tutquni ham ishtirok etgan.
Lager Polshaning ishg‘ol etilgan qismida Germaniya tomonidan 1940-yilda qurilgan bo‘lib, u yerda asir polyaklar saylangan. Oradan ikki yil o‘tgach, uning yonida yahudiylar uchun konslager tashkil etilgan. Polsha va dunyoning ko‘plab mamlakatlarida nemislar qo‘ygan Aushvis nomi bilan ataladigan Osvensimda yahudiylar, sovet asirlari, polyaklar, lo‘lilar va boshqa millat vakillari o‘ldirilgan.
PAP agentligi lagerdagi gaz kamerasidan so‘nggi bor 1944-yilning noyabr oyida foydalanilganini eslatgan. Sovet qo‘shinlari hujumi kuchaygani ortidan Germaniya lager tutqunlarini Reyx hududi ichiga ko‘chira boshlagan. 1944-yil oxiriga borib, nemislar hujjatlarni yoqib, sodir etilgan jinoyatlar dalillarini yo‘q qilishga urinishgan. Sovet qo‘shinlari kirib kelgan paytda lagerda 500 bola doxil yetti ming kishi saqlanayotgan bo‘lgan.