Линклар

Шошилинч хабар
01 декабр 2024, Тошкент вақти: 22:46

Polshadan badarg‘a qilingan tojik faoli 23 yilga qamaldi


Tojikistonda Polshadan deportatsiya qilingan muxolifat faoli Farrux Ikromov 23 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Bu haqda Ozodlikning tojik xizmati xabar qildi.

Qarorgohi Polshada bo‘lgan Tojikistondagi siyosiy tutqunlarni qutqarish bo‘yicha fuqarolik qo‘mitasi rahbari Abdusattor Boboyev o‘tgan haftada Ikromov Dushanbedagi tergov izolatoridan qamoqxonaga o‘tkazilganini bildirdi.

Bu ma’lumotni Ozodlikka Yevropada yashovchi tojikistonlik faol Saidis'hoq Boboyev tasdiqlagan. Unga ko‘ra, “Tojikistondagi qamoqxonadan yaqinda ozod qilingan kishi” Ikromovni tergov hibsxonasidan qamoqxonaga etap qilinayotgan paytga ko‘rganini aytgan. Farrux Ikromov o‘z qarindoshlariga o‘zining 23 yilga qamalganini aytib qo‘yishni so‘ragan.

Ozodlikning tojik xizmati Ikromovning yaqinlari Tojikiston xorijida yashashini va sud qarori haqida hech narsa bilmasliklarini qayd etgan.

Ikromovga nisbatan chiqarilgan hukm haqida rasmiy ma’lumot tarqatilgan emas.

36 yoshli Ikromov Yevropada xotini va ikki farzandi bilan yashab kelayotgan edi. U joriy yil aprelida Polshadan deportatsiya qilingan. Avvalroq Polsha rasmiylari uning boshpana berishga oid iltimosini rad etishgan, shu tufayli u Germaniyaga chiqib ketgan, u yerdan Ikromov yana Polshaga qaytarilgan va noqonuniy migrantlar lagerida tutib turilgan.

Tojik muxolifati vakillari Ikromov 2023-yil sentyabrida Germaniyada Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon tashrifi munosabati bilan o‘tkazilgan norozilik aksiyalari ishtirokchilari ichida bo‘lganini aytishmoqda.

Tojikistonlik dissidentlar avvalroq Yevropa mamlakatlari siyosiy ta’qiblar tufayli mamlakatlarini tark etganlar uchun ishonchli boshpana bo‘lmay qolganini iddao qilishgan edi. Bunday xulosaga ular Avstriya, Germaniya, Litva va boshqa mamlakatlardan o‘z safdoshlarini deportatsiya qilish holatlari ko‘paygani ortidan kelishgan. Xalqaro tashkilotlar YI mamlakatlarining bu kabi xatti-harakatlarini keskin tanqid qilishgan.

O‘tgan haftada Germaniya 40 yoshli muxolifat faoli Dilmurod Ergashevni Tojikistonga deportatsiya qilgan edi. Deportatsiya oldidan u “Emomali Rahmon rejimi tomonidan muqarrar jazo”dan cho‘chib, o‘zini o‘ldirishga uringan.

Qarorgohi Venada bo‘lgan Freedom for Eurasia tashkiloti rahbari Leyla Nazgul Seyitbek Ozodlikka Ergashev ishini ko‘rib chiqish va uni Tojikistondan qaytarishga ko‘maklashish iltimosi bilan Yevropa inson huquqlari sudiga talabnoma yo‘llanganini aytgan.

XS
SM
MD
LG