Loyiha qiymati 4,28 milliard dollarni tashkil etayotgan Toshkent–Andijon pulli avtomobil yo‘li qurilishi muddati 6 yil 3 oyni tashkil etadi. Bu haqda “Gazeta.uz” nashri O‘zbekiston transport vazirining o‘rinbosari Jasurbek Choriyev so‘zlariga tayangan holda xabar qildi.
Jahon banki bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan loyihaga asosan yo‘lning 64 foizi yangidan qurilishi, 36 foizi esa rekonstruksiya qilinishi kutilmoqda. Uzunligi 314 kilometr bo‘lgan I-a kategoriyasidagi, sement-beton qoplamali yo‘l 6 qatordan iborat bo‘ladi.
Jarayon uch bosqichni o‘z ichiga oladi. Birinchi bosqichda Toshkent–Angren (78 km), ikkinchi bosqichda Angren–Pop (93 km), uchinchi bosqichda esa Pop–Andijon (143 km) qismlari quriladi.
Rejaga muvofiq, poytaxtni vodiy bilan bog‘lovchi ushbu yo‘lda jami 10 ta tunnel barpo etiladi, ularning umumiy uzunligi 33 kmga yetadi. Eng uzun tunnel 6787 metrni tashkil etadi.
Pulli yo‘l qurilishi Toshkentdan Andijonga safar qilish vaqtini hozirgidan 2 soat 14 daqiqaga kamaytirishi aytilmoqda.
Yo‘l qurilishi bo‘yicha davlat-xususiy sherikchilik kelishuvi 49 yil mobaynida amal qiladi.
Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston prezidenti tomonidan joriy yilning 30-avgustida imzolangan qarorda Toshkent–Andijon pulli avtoyo‘lni qurish 2026-yilda boshlanishi belgilangan. Yo‘l 2032-yilda foydalanishga topshirilishi kerak.