Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ozarbayjon rahbari Ilhom Aliyevdan Ozarbayjon havo yo‘llari yo‘lovchi uchog‘i bilan bog‘liq Rossiya havo hududida sodir bo‘lgan “fojia” uchun uzr so‘radi.
J2-8243 reysi 25-dekabr chorshanba kuni Rossiya janubidan yo‘nalishini yo‘qotganidan so‘ng Qozog‘istonning Aqtau shahri yaqinida qulab tushdi. Kamida 38 kishi halok bo‘ldi, 29 kishi tirik qoldi.
“Vladimir Putin Rossiya havo hududida sodir bo‘lgan fojiali voqea uchun uzr so‘radi va halok bo‘lganlarning oila a’zolariga yana bir bor chuqur va samimiy hamdardlik bildirdi hamda jarohatlanganlarning tezroq sog‘ayib ketishini tiladi”, deyiladi Kreml xabarida.
"Suhbatda qayd etilishicha, o‘z jadvali bo‘yicha harakatlanayotgan Ozarbayjon yo‘lovchi samolyoti bir necha bor Grozniy aeroportiga qo‘nishga uringan. O‘shanda Grozniy, Mozdok va Vladikavkaz shaharlariga Ukraina dronlari hujum qilgan, Rossiya havo kuchlari mudofaa tizimlari bu hujumlarni qaytardi”, deyiladi Kreml bayonotida.
Ozarbayjon Bosh prokuraturasi xodimlari ayni paytda Grozniyda ishlamoqda. Aytilishicha, Rossiya Tergov qo‘mitasi ushbu ish bo‘yicha harbiy xizmatchilarni so‘roq qilmoqda.