Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ostonadagi KXSHT mamlakatlari sammitida yangi “Oreshnik” ballistik raketalari zarbalari hadafi “Kiyevdagi qaror qabul qilish markazlari” bo‘lishi mumkinligini bildirgan.
Putin Ukraina harakatlari, xususan Ukraina Qurolli kuchlarining Bryansk va Kursk viloyatlariga uzoq manzilli raketalar bilan zarbalariga javoban Rossiya raketalar jangovar sinovini davom ettirishini qayd etgan. Rossiya prezidentiga ko‘ra, Bosh shtab va Mudofaa vazirligi dushman hududi bo‘ylab “Oreshnik” bilan zarba berish uchun hadaflar tanlayapti.
Putin yangi raketa yuqori darajada himoyaga ega bo‘lgan va o‘ta chuqurlikda joylashgan obyektlarni ham yo‘q qilishga qodirligini ma’lum qilgan.
U “Oreshnik” raketalari yoppasiga qo‘llanilgan taqdirda “zarba kuchi yadroviy qurol qo‘llash bilan muqoyasa etadigan darajada bo‘lishi”ni aytgan. Ayni paytda Putin “albatta, “Oreshnik” ommaviy qirg‘in quroli emas”ligi, chunki u yadroviy kallaksiz qo‘llanilganda joyda radioaktiv ifloslanish yuzaga kelmasligini qo‘shimcha qilgan.
Putinga ko‘ra, shu kunda Rossiyada foydalanish uchun hozir turgan “Oreshnik” turidagi bir necha raketa bor.
Ukrainadagi “qaror qabul qilish markazlari”ga zarba berish bilan rossiyalik rasmiylar 2022-yildayoq tahdid qilishgan edi. Bu tahdid Ukrainaning Rossiya tomonidan anneksiya qilingan Qrim va Qora dengiz floti kemalariga zarbalariga javoban aytilgandi. Sharhlovchilar bu yerda “markazlar” deganda, masalan, Kiyevdagi hukumat binolari nazarda tutilganini taxmin qilgandilar. Keyinroq rossiyalik harbiylar o‘z hisobotlarida harbiy komanda punktlariga zarbalarni “qaror qabul qilish markazlari” deb atashgan edi. Shu nuqtayi nazardan turib qaralganda “qaror qabul qilish markazlari” deganda Putin nimani nazarda tutgani hozircha ma’lum emas.
Avvalroq Ozodlik 21-noyabrga o‘tar kechasi Rossiya Ukrainadagi “Yujmash” zavodiga ballistik raketa bilan zarba bergani haqida xabar qilgandi. O‘sha paytda bir necha joyda yong‘in chiqqan, zarba oqibatida vayrongarchilik ko‘lami oxirigacha ma’lum emas, biroq u yerda hech kim qurbon bo‘lmagani aytilgan. Zarbaning ertasiga Putin o‘z telemurojaatida zarba “Oreshnik” degan yangi raketa bilan berilganini bildirgan. U o‘z bayonotida Ukrainaga qurol-aslaha yetkazib berayotgan mamlakatlarning harbiy obyektlari bo‘ylab ham “Oreshnik” bilan zarba berilishi mumkinligini qayd etgan.