Rossiya prezidenti Vladimir Putin va XXR raisi Si Szinpin 16-may kuni Pekinda muzokaralar o‘tkazishdi.
Muzokaralar yakuniga ko‘ra ular Har tomonlama hamkorlik va strategik hamjihatlik aloqalarini teranlashtirish to‘g‘risidagi qo‘shma bayonotni imzolashgan.
Muzokaralar oldidan o‘z chiqishlarida Putin ham, Si ham ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalarni yuqori baholashgan. Ular Ukrainadagi urushni yodga olishmagan, G‘arb ham ular tomonidan to‘g‘ridan to‘g‘ri tanqid qilingan emas.
Putin Moskva bilan Pekin munosabatlari biror-bir mamlakatga qarshi qaratilmaganini bildirib, Xitoyni Rossiyaning asosiy iqtisodiy hamkori deb atagan.
Imzolangan bayonotda Xitoy va Rossiya Ukrainadagi “jangovar harakatlarning cho‘zilishi va ziddiyat eskalatsiyasiga sabab bo‘ladigan har qanday qadamni to‘xtatish zarur”ligi qayd etishgan hamda “uning nazorat qilib bo‘lmas bosqichga o‘tishining oldini olish”ga chaqirishgan. Buning nimani anglatishini bayonot matnidan tushunib bo‘lmaydi. Unda muloqot “Ukraina krizisini hal qilishning optimal shakli o‘laroq muhim” ekani ham aytilgan.
Rossiya prezidenti Pekinga 16-may tongida yetib borgan. Bu Putinning beshinchi prezidentlik muddati boshlanganidan keyingi ilk xorijiy safaridir. Si Szinpin Moskvaga o‘tgan yili borgan edi.
Pekindagi muzokaralar “tor doirada” o‘tkazilgan. Uning rossiyalik ishtirokchilari orasida sobiq mudofaa vaziri, hozirda Xavfsizlik kengashi rahbari bo‘lgan Sergey Shoygu va amaldagi mudofaa vaziri Andrey Belousov bo‘lgan. Avvalroq Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov uchrashuvda Ukrainadagi urush va uni tinchlik yo‘li bilan hal qilish imkoniyatlari muhokama qilinmasligi aniqligini bildirgan edi. Rossiyalik vakillar Xitoyning fe’lan Rossiya qo‘shinlarining Ukraina hududidan olib chiqish shartisiz muzokara boshlashda o‘z aksini topgan tinchlik tashabbuslarini yuqori baholashlarini bir necha bor ta’kidlashgan.
Putin va Rossiya delegatsiyasi Xitoyga ikki kunlik safar chog‘ida Pekin va Xarbinga borishi rejalangan. Safar kun tartibidan XXR raisi Si Szinpin va Xitoy hukumati rahbari Li Syan muzokaralar o‘tkazish hamda Rossiya-Xitoy aloqalariga bag‘ishlangan bir necha tadbirda ishtirok etish ko‘zda tutilgan.
Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakovga ko‘ra ko‘ra, Putin va Si 16-may kuni o‘ta muhim bo‘lgan “yakkama-yakka” suhbat o‘tkazishadi.
“Axir Xitoyda eng muhim narsa yakkama-yakka o‘tirib, choy ichish-ku”, deya urg‘ulagan Ushakov.
XXR raisining Moskvaga safari chog‘ida Putin va Sining “yakkama-yakka” muzokaralari, xabarlarga ko‘ra, bir necha soat davom etgan.
XXR 2022-yil 24-fevralidan beri Ukrainaga keng ko‘lamli bosqinchilik urushi boshlagan Rossiya xatti-harakatlarini biror marta ham qoralamagan va BMT Bosh assambleyasining bunga oid rezolyutsiyalarini yoqlab ovoz bermagan. Biroq Xitoy AQSH va G‘arbni “provokatsiya”da ayblagan. Ayni paytda Xitoy hech qachon Qrim anneksiyasini, keyin esa Donetsk, Lugansk, Zaporojye va Xerson viloyatlari anneksiyasini tan olgan emas. Shuningdek, Xitoy Kremlga urushda yadroviy qurol qo‘llanilishini Pekin “mutlaqo nomaqbul” deb bilishini anglatgan.