Qashqadaryo viloyati Qarshi shahrida ikki yigit yo‘l-transport hodisasi oqibatida halok bo‘ldi.
MY5 telekanali orqali efirga uzatiladigan “Hudud” dasturi xabariga ko‘ra, fojia 30-yanvar kuni soat 17:00 atrofida Nasaf ko‘chasida sodir bo‘lgan.
Nexia 3 mashinasini boshqarib kelayotgan 19 yoshli yigit drift qilishga uringan, ammo tezlikni to‘g‘ri baholay olmagan. Oqibatda rul boshqaruvini yo‘qotib yo‘l chetidagi daraxtga urilgan. Zarba kuchli bo‘lganidan mashina salonida bo‘lgan ikki nafar 19 yoshli yigit voqea joyida vafot etgan.
Holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilayotgani bildirilgan.
Ushbu xabar manzarasida sobiq deputat Rasul Kusherboyev Ichki ishlar vazirligi rahbariyati e’tiborini Toshkent shahrida tungi poygalar tashkil qilinayotganiga qaratgan.
Ozodlik joriy yil 19-yanvar kuni Navoiy shahrida yo‘l-patrul xizmati inspektori xizmat olib borayotgan vaqtida mashina urib ketishi oqibatida vafot etgani haqida xabar qilgandi.
Rasmiy statistikaga qaraganda, O‘zbekistonda 2024-yilda ro‘y bergan 9364 ta YTH oqibatida 2203 kishi halok bo‘lgan, 8901 kishi jarohatlangan.