Qashqadaryo viloyati Nishon tumani IIB huzuridagi tergov guruhi Sardor gangster taxallusi bilan TikTok va YouTube platformalarida tanilgan bloger Sardor Safarboyevga nisbatan jinoyat ishi ochdi.
“Sevimli” telekanalining “Zamon” axborot dasturi xabariga ko‘ra, jinoyat ishiga blogerning xotini qiz farzand tug‘sa, chiqindiga tashlashini aytgani sabab bo‘lgan.
“Men qiz farzand ko‘rmayman. Agar qiz farzand ko‘rsam, oldirib tashlayman. Qiz kerakmas. Xotin tuqqanidan shunday boraman, qizmi, chiqindi idishga otib yubor, deyman. Kerakmas! Men do‘zaxga kirsam ham o‘g‘il farzand tug‘diraman”, degan Sardor gangster ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videosida.
Ushbu chiqish jamoatchilikning keskin e’tiroziga sabab bo‘ldi. Buning ortidan Safarboyev bahsli fikr uchun jamoatchilik, xususan, xotin-qizlardan tiz cho‘kkan holda uzr so‘ragan.
Qashqadaryo viloyati IIB matbuot kotibi Iroda Rasulova Sardor Safarboyev xotin-qizlar qadr-qimmatini tahqirlaganini qayd etgan.
“Tarmoqlardan foydalanishning tartib-qoidalari bor. Qoidalarni buzgan fuqarolar qonuniy tartibda jazolanadi. Shuni unutmang, xotin-qizlar huquqlari davlat himoyasida”, degan IIB vakili.
Tiktoker ayblanayotgan Jinoyat kodeksining 140-moddasida (haqorat qilish) BHMning 200 baravaridan 400 baravarigacha miqdorda jarima, 240 soatdan 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 1 yildan 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari kabi jazolar ko‘zda tutilgan.
Ozodlik bloger Sardor Safarboyev joriy yil 21-fevral kuni “milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat”da ayblanib 10 sutkaga qamalgani haqida xabar bergandi.