Линклар

Шошилинч хабар
12 феврал 2025, Тошкент вақти: 16:09

Qozog‘iston banklari yashash uchun ruxsatnomasi bo‘lmagan rossiyaliklarga hisobraqam ochishdan bosh torta boshladi


Qozog‘istondagi banklardan biri (illyustrativ surat)
Qozog‘istondagi banklardan biri (illyustrativ surat)

Qozog‘istonning kamida ikki banki — Home Credit Bank va Kaspi Bank — mamlakatda yashash uchun ruxsatnomasi bo‘lmagan rossiyaliklarga debet kartalarni chiqarishni to‘xtatib qo‘ygan. Bu haqda RBK nashri xabar qildi.

Kaspi Bank yo‘q deganda 3-fevralgacha bank kartalarini berishni to‘xtatgan. Mazkur sanadan keyin karta berish qayta tiklanishi va’da qilingan. Yangi tartib-qoidalarga ko‘ra, ular faqat bir yil muddatga beriladi. Home Credit Bank esa karta berishni noma’lum muddatga to‘xtatib qo‘ygan. Banklarning bu qarori avvalroq Qozog‘iston moliya bozorini boshqarish va rivojlantirish agentligi yashash ruxsatnomasi bo‘lmagan xorijliklarga bir yildan ko‘p muddatga karta ochishni taqiqlab qo‘ygani bilan bog‘liq. Mazkur chora, iddaoga ko‘ra, “narkotiklar va raqamli aktivlar noqonuniy aylanmasi sohasida bank xizmatlaridan foydalanish xatarini kamaytirish” uchun qabul qilingan.

Ukrainada urush boshlanganidan keyin rossiyaliklar Qozog‘iston banklarida tez-tez hisobraqam ochishni boshlashgan. Bunga rossiyaliklarning Qozog‘istonga ommaviy ravishda ko‘chgani hamda Rossiyaga qarshi joriy etilgan sanksiyalar sabab bo‘lgan.

Cheklovlar tufayli rossiyaliklar endilikda faqat bank kartasini ochish uchungina Qozog‘istonga kelolmaydi: hisobraqam ochish uchun ular mamlakatning soliq rezidentiga aylanib, soliq to‘lashlari lozim bo‘ladi (Qozog‘istonda yashash uchun ruxsatnoma olgan xorijliklar avtomatik ravishda soliq rezidentiga aylanadi).

Rossiya tomonidan Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli bosqin boshlangani va Putin tomonidan qisman safarbarlik e’lon qilinganidan keyin Qozog‘iston o‘z mamlakatini tark etishga qaror qilgan rossiyaliklar eng ko‘p kelgan mamlakatlardan biri bo‘lib hisoblanadi.

Qozog‘iston hukumati ma’lumotiga ko‘ra, 2022-yildan 2024-yilgacha mahalliy banklar tomonidan Rossiya fuqarolariga qariyb 695 mingta karta chiqarib berilgan. Qozog‘iston IIV ma’lumotlariga ko‘ra esa 2024-yilda 233 ming nafar rossiyalik Qozog‘istonda shaxsiy indentifikatsiya raqamiga ega bo‘lgan. Ayni paytda Qozog‘istonda qancha rossiyalik haqiqatdan ham yashayotgani haqida aniq ma’lumot yo‘q.

XS
SM
MD
LG