Joriy yil 16-noyabridan Olmaota – Turkiston – Toshkent – Olmaota yo‘nalishi bo‘yicha ilk temiryo‘l sayohat dasturi yo‘lga qo‘yiladi.
Qozog‘iston Turizm va sport vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, “Ipak yo‘li” deb atalgan to‘rt kunlik xalqaro temiryo‘l safari sayyohlarga Buyuk Ipak yo‘lidagi qadimiy shaharlarni ziyorat qilish imkonini beradi.
Dastur Turkiston va Toshkentning diqqatga sazovor joylarini qamraydi. Sayyohlarga, shuningdek, Markaziy Osiyoning qadimiy shaharlaridan biri O‘trorga hamda Ariston bobo maqbarasi, “Hazrat Sulton” tarixiy muzey-qo‘riqxonasiga tashrif taklif etiladi.
“Birgalikdagi sa’y-harakatlar natijasida biz ikki davlatni bog‘laydigan noyob temiryo‘l sayohat yo‘nalishini joriy qilishga muvaffaq bo‘ldik. Bu Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasida turizmni rivojlantirish va madaniy aloqalarni mustahkamlash yo‘lida muhim qadam”, degan Qozog‘iston turizm va sport vaziri o‘rinbosari Yerjan Yerkinbayev.
O‘zbekiston Statistika agentligi ma’lumotiga ko‘ra, 2024-yilning yanvar–sentyabr oylarida 5,7 million nafar xorijlik mamlakatga turistik maqsadda kelgan bo‘lib, ulardan 1,1 million nafari Qozog‘iston fuqarolaridir.
Ozodlik avvalroq 2025-yilning yozidan Toshkentdan Qirg‘izistondagi kurort hudud sanalgan Issiqko‘lga poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yilishi haqida xabar qilgandi.