O‘zbekistonda yakka tartibdagi uy-joylar hududida qo‘shimcha ko‘p qavatli turarjoylar qurilishiga ruxsat berilishi natijasida aholining shikoyatlari kundan-kun ko‘paymoqda.
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, 7-oktyabr kuni vazir v.b. Sherzod Hidoyatov boshchiligidagi yig‘ilishda shu kabi muammoli holatlarga e’tibor qaratilgan.
Qayd etilishicha, nizoli masalalar ko‘proq aholi yashash uylari bilan oraliq masofa saqlanmasligi oqibatida yuzaga kelmoqda. Bunday ziddiyatli vaziyatlar Samarqand, Farg‘ona va Toshkent viloyatlarida keskin oshgan.
Vazirlik, shuningdek, hududiy Arxitektura-shaharsozlik kengashiga kiritilgan loyihalarni ko‘rib chiqish va kelishish muddatlari surunkali ravishda buzilayotganini ham tan olgan.
Tuman (shahar) qurilish bo‘limlari obyektning ixtisosligini o‘zgartirishga ruxsatnoma berishda ham xatolarga yo‘l qo‘ygani aniqlangan.
Ijtimoiy tarmoqlardan aholining noqonuniy qurilishlardan norozi bo‘lib yo‘llagan murojaatlarini ko‘plab topish mumkin.
Ekspertlarga ko‘ra, katta pul aylanadigan qurilish sohasida korrupsiya ildiz otib ketgan.
Joriy yil yanvar oyida prezident Shavkat Mirziyoyev qurilishni “korrupsiyasiz soha”ga aylantirish uchun bir qator vazifalarni belgilagandi.
Jamoatchilik faollari O‘zbekistonda qurilish sifatiga doir talablarni kuchaytirish zarurligini aytib kelishadi.