O‘zbekiston Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining Rahbar kadrlarni baholash markazida 2025-yil fevral oyidan boshlab yil davomida kamida 500 nafar rahbarlik lavozimlarida ishlayotgan va ushbu lavozimlar uchun zaxirada turganlarning korrupsiyaga moyillik darajasi baholanadi.
Jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan 2025-yilga mo‘ljallangan davlat dasturi loyihasida ana shu talab ilgari surilgan.
Hujjatda mulozimlarning korrupsiyaga moyillik darajasini o‘rganish Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining buyurtmasi asosida o‘tkazilishi qayd etilgan.
Gazeta.uz nashrining aniqlik kiritishicha, davlat xizmatchilarida korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, ularga “halollik vaksinasi”ni singdirish hamda bu borada preventiv mexanizmlarni joriy etish ham ko‘zda tutilmoqda.
Bu doirada BMTning Korrupsiyaga qarshi kurash konvensiyasi, xalqaro tashkilotlar tomonidan O‘zbekistonga bildirilgan tavsiyalar hamda boshqa xalqaro standartlarning bajarilishini monitoring qilish bo‘yicha elektron platforma ishga tushiriladi.
Loyihada davlat xizmatchilarida korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni singdirish bo‘yicha qadriyatlar tizimini shakllantirish yuzasidan tadqiqotlar olib borish, shu asosda ta’sirchan chora-tadbirlarni joriy etish kabi maqsadlar ham bayon qilingan.
“O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida milliy ma’ruza”ga ko‘ra, 2023-yilda korrupsiyaga oid jinoyatlar oqibatida davlat manfaatlariga 1,4 trillion so‘m miqdorida zarar yetkazilgan.
Avvalroq Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi 2024-yilning birinchi yarmida O‘zbekistonda 3837 nafar shaxs korrupsiyaga oid jinoyat uchun jinoiy javobgarlikka tortilganini bildirgandi.
Ozodlik bir muddat oldin korrupsiyaga qarshi kurash manzarasida yuzlab korrupsioner ishga tiklanganiga e’tibor qaratgan edi.