O‘zbekistonda 1300 ga yaqin dorixona narxni asossiz oshirgani aniqlandi. Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining ma’lum qilishicha, bu holatlar FAIR TECH yagona axborot tizimi orqali o‘tkazilgan monitoringda yuzaga chiqqan.
Jumladan, Toshkent shahri (228 ta), Samarqand viloyati (182 ta), Toshkent viloyati (134 ta), Namangan viloyati (119 ta), Navoiy viloyati (118 ta) hamda Jizzax viloyati (106 ta) dorixonalarida eng ko‘p qonunbuzarliklar qayd etilgan.
Raqobat qo‘mitasiga ko‘ra, o‘rganishlar yakunida 270 mingta holatda jami 11,6 milliard so‘m miqdorida asossiz daromad olingani aniqlangan va ortiqcha olingan pul mablag‘lari iste’molchilarga qaytarilgan.
Qo‘mita dorixonalarni narxni asossiz oshirmaslik va iste’molchilardan ortiqcha mablag‘ni olmaslikka chaqirgan.
Raqobat qo‘mitasi dori-darmon bahosi o‘zboshimchalik bilan oshirilishi holatlari haqida bot-bot hisobot berib turadi. Masalan, o‘tgan yili dori biznesi egalari 49455 ta holatda 5,4 milliard so‘mga yaqin asossiz daromad olgani aniqlangan.
O‘zbekiston dunyoda aholi soniga nisbatan eng ko‘p dorixonaga ega mamlakatlardan biri hisoblanadi. Ozodlik avvalroq mamlakatdagi farmatsevtika tijorati vakillari duch kelayotgan muammolarga e’tibor qaratgandi.