Yil boshidan buyon O‘zbekiston Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasiga ko‘p kvartirali uylar qurilishi yuzasidan 1700 ga yaqin murojaat kelib tushgan.
Qo‘mita matbuot xizmati qaydicha, ko‘rilgan choralar natijasida 20 mlrd so‘mga yaqin mablag‘ iste’molchilar foydasiga qayta hisob-kitob qilingan.
Ushbu holatlar yuzasidan respublikadagi 129 ta quruvchi korxonaning shartnomasi tahlil qilinganda iste’molchilar huquqi buzilishi bilan bog‘liq quyidagi holatlar aniqlangan:
• 80 foiz shartnomada quruvchi korxonaga qayta hisob-kitob huquq ustuvorligi berilgan;
• 58 foiz shartnomada ko‘rsatilgan umumiy maydon qurilishi yakuni bo‘yicha maydonlar orasida tafovut mavjud bo‘lganda qayta hisob-kitob huquqi belgilanmagan;
• 37 foiz shartnomada xonadon ichida amalga oshiriladigan qurilish ishlari to‘g‘risida majburiyatlar kiritilmagan;
• 18 foiz shartnomada quruvchi va iste’molchining huquq va majburiyatlari to‘g‘risida bandlar kiritilmagan;
• 39 foiz shartnomada qurilish obyektining topshirish muddati ko‘rsatilmagan;
• 51 foiz shartnomada qurilish topshirilishining har bir kechikkan kuni uchun quruvchi tomonidan to‘lanadigan penya belgilanmagan;
• 84 foiz shartnomada esa xonadon xaridor tomonidan qabul qilib olingandan so‘ng quruvchi tomonidan unga kafolat muddati belgilanmagan.
Raqobat qo‘mitasi iste’molchilardan uy-joy joy sotib olishda bitim shartlarini batafsil o‘qib chiqish, tomonlarning huquq va majburiyatlari, qurilish va foydalanishga topshirish muddatlari, buning uchun javobgarlik hisobga olinganini tekshirish hamda kompaniyaning ish tajribasi va quruvchining ishonchliligiga e’tiborli bo‘lishni tavsiya qilgan.
O‘zbekistonda uy-joy qurish keskin ko‘paygan sharoitda quruvchi va iste’molchilar o‘rtasida nizolar ham ortgan. OAV va ijtimoiy tarmoqlarda developerlar firibi qurboni bo‘lgan vatandoshlarning shikoyatlarini bot-bot ko‘rish mumkin.
Avvalroq prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda uy-joy qurib berishni va’da qilgan quruvchi va bunga pul tikkan fuqarolar o‘rtasida nizolar ko‘payib borayotgani, noinsof quruvchilarga aldanib, odamlar ham uysiz, ham pulsiz qolayotganini tanqid qilgandi.