Falastinning HAMAS guruhi (AQSH va Yevropa Ittifoqida terror tashkiloti deb tan olingan) Isroil bilan otashkesim bitimi doirasida ozod etishga tayyor bo‘lgan 34 nafar garovdagi shaxs ro‘yxatini tuzgan. Bu haqda Reuters agentligi xabar qildi.
HAMAS vakili agentlik bilan suhbatda Isroil bilan qo‘shinlarini G‘azo sektoridan olib chiqib ketish haqida kelishuvga erishilgan taqdirdagina bu bitim amalga oshishi mumkinligini qayd etgan. Guruh vaqtincha sulhga emas, jangovar harakatlarning to‘liq to‘xtatilishiga ham erishmoqchi.
HAMAS 25-dekabr kuni Isroilni qo‘shinlarni olib chiqish, o‘t ochishni to‘xtatish va garovdagilarni ozod qilish bo‘yicha yangi shartlarni olg‘a surayotganlikda ayblagan. Bunga javoban Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu devonxonasi kelishuvlarga erishilishiga aynan HAMAS xatti-harakatlari sabab bo‘layotgani, chunki harakat avval erishilgan shartlarga rioya qilmayotganini bildirgan.
Isroilning Ynet nashri xabariga ko‘ra, tomonlar bitimning asosiy bandlarini o‘zaro muvofiqlashtirib bo‘lishgan, biroq bu yerda asosiy bahsli masala HAMAS tomonidan ilk bosqichda ozod etilajak garovdagilar soni bo‘lib turibdi.
HAMAS guruhi 2023-yil 7- oktyabrida Isroil janubiga uyushtirgan hujumi chog‘ida 250 dan ziyod odamni garovga olgan. Ularning bir qismi muzokaralar davomida ozod etilgan. Isroil ma’lumotiga ko‘ra, G‘azoga olib ketilgan garovdagilarning qolgani 101 nafar kishi bo‘lib, ulardan 51 nafari tirik. Garovga olingan shaxslarni ozod qilish bo‘yicha HAMASchilar bilan so‘nggi oylarda olib borilgan muzokaralarda olg‘a siljish bo‘lgan emas.