Rossiya Davlat dumasi deputati Sergey Mironov xorijlik fuqarolari uchun transchegaraviy pul o‘tkazmalariga davlat boji kiritilishi zarurligini bildirdi.
Unga ko‘ra, 2024-yili Qirg‘iziston va O‘zbekiston fuqarolari Rossiyadan vatanlariga 14 milliard dollardan ko‘proq pul jo‘natishgan.
“Migrantlarning aksar qismi Rossiyada hech qanaqa soliq to‘lamay yuradi, shu bilan birga gastarbayterlar davlatning butunlay beparvoligi tufayli ulkan miqdordagi mablag‘larni mamlakatdan olib chiqib ketmoqda… Agar 3 foizlik boj joriy etilsa, g‘aznaga faqat ikki mamlakat – Qirg‘iziston va O‘zbekistonga ketayotgan pul o‘tkazmalarining o‘zidan 45 milliard rubldan ko‘proq pul tushardi. Nahot bunday pul bizga kerak emas bo‘lsa? Bu borada qonunchilik tashabbusi hozirlab, Davlat dumasiga kiritamiz”, deya va’da qilgan Sergey Mironov.
Deputat 2021-yilda Rossiya hukumatida pul o‘tkazmalari uchun qo‘shimcha pul undirish masalasi muhokama qilingani, biroq Moliya vazirligi bu ishni paysalga solganini eslatdi.
Ayrim tadqiqotlar xorijlik migrantlar Rossiya fuqarolaridan ko‘proq pul topa boshlaganini ko‘rsatmoqda. “Migrant Servis” platformasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilda migrantlarning o‘rtacha daromadi 150 ming rublga yetgan.
Avvalroq 2024-yilda Rossiyadagi qirg‘izistonliklar soni qariyb ikki baravarga (350 ming kishi) qisqargani haqida xabar qilingan. Biroq o‘tgan yilning yanvar oyidan noyabr oyigacha ular Rossiyadan vatanlariga 2 milliard 565 million dollar pul jo‘natishgan. Yil yakunlariga ko‘ra dekabr oyi uchun bu summaga yana 200 million dollar qo‘shilishi mumkin.
Ikki hafta muqaddam O‘zbekiston Markaziy banki tomonidan e’lon qilingan sharhda 2024-yilda mamlakatga kelib tushgan pul o‘tkazmalari 14,8 milliard dollarni tashkil qilgani, buning 11,5 milliard dollari (77 foizi) Rossiyadan kelib tushgani haqida aytilgan edi.