Rossiya Mudofaa vazirligi 19-noyabrga o‘tar kechasi Bryansk viloyatidagi obyektga AQSHda ishlab chiqarilgan oltita ATACMS ballistik raketasi bilan zarba berilgani haqida ma’lumot tarqatdi.
Vazirlik raketalardan beshtasi urib tushirilgani, bittasiga shikast yetkazilganini iddao qilgan. Urib tushirilgan raketa parchalari harbiy obyektning texnik hududiga tushgan, shu sababli u yerda yong‘in chiqqan, biroq yong‘in tezkorlik bilan o‘chirilgan. Rossiya Mudofaa vazirligi qaydicha, hodisa chog‘ida hech kim qurbon bo‘lmagan, binolarga ham shikast yetgan emas.
Avvalroq “RBK-Ukraina” nashri Ukraina mudofaa kuchlaridagi xabardor manbadan olingan ma’lumotga tayangan holda, Ukraina armiyasi ilk bor Rossiya hududi bo‘ylab AQSHning ATACMS raketalari bilan zarba bergani haqida yozib chiqqan edi. Manba zarba Bryansk viloyatining Karachev shahri yaqinidagi harbiy obyektga berilgani va hadaf “muvaffaqiyat bilan yo‘q qilingani”ni aytgan.
Karachev Bryansk shahri yaqinida va Ukraina chegarasidan taqriban 130 kilometr narida joylashgan.
Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi ma’lumotiga ko‘ra, seshanbaga o‘tar kechasi Bryansk viloyatining Karachev shahri yaqinida 1046-ta’minot markazining arsenaliga zarba berilgan. Zarba 12 ta ikkilamchi portlashlarga sabab bo‘lgan. “Ukrainaga qarshi harbiy tajovuzni to‘xtatish maqsadida rossiyalik ishg‘olchilar armiyasiga mo‘ljallangan o‘q-dori omborlarini yo‘q qilish davom etadi”, deyilgan xabarnomada.
Ayni paytda Ukraina Bosh shtabi 24 telekanali jurnalistlarining Rossiya hududiga zarba berishda ilk bor ATACMS qo‘llanilganiga oid savoliga o‘zida “bunday ma’lumot yo‘q”ligini bildirgan.
Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi qoshidagi Dezinformatsiyaga qarshi kurash markazi rahbari Andrey Kovalenko Bryansk viloyatidagi omborda artilleriya o‘q-dorisi, shu jumladan Shimoliy Koreyadan keltirilgan snaryadlar saqlanganini qayd etgan. Bu omborga ilk bor zarba berilayotgani yo‘q. Bungacha oktyabr oyida unga Ukraina dronlari bilan hujum uyushtirilgan edi, deb yozgan “RBK-Ukraina”.