Rossiya poytaxti Moskvada bo‘lib o‘tgan reydlar chog‘ida Rossiya fuqaroligini olgan o‘nlab migrantga huquq-tartibotchilar tomonidan harbiy komissariatga chaqiruv qog‘ozi topshirilgan. Bu haqda “Kommersant” nashri xabar qildi.
Rossiya Tergov qo‘mitasining harbiy tergov bo‘limi va IIV xodimlari ishtirokidagi reydlar, nashr qaydicha, Moskvaning sharqiy qismidagi xostellar va sabzavot bazasida hamda “Shchelkovskaya” metrosi yaqinidagi avtovokzalda o‘tkazilgan.
Avvalroq Moskva viloyatining Serpuxov va Chexov shaharlarida harbiy tergovchilar harbiy qayddan o‘tmagan o‘n nafar sobiq migrantni topgan reydlar bo‘lib o‘tgani haqida xabar qilingan.
Joriy yilning 31-iyul kuni Davlat dumasi birvarakayiga uch o‘qishda Rossiya pasportini olganlarni majburiy ravishda harbiy qayddan o‘tkazishga oid qonunni qabul qilgan edi. Agar pasport olgan shaxs bu talabni bajarmasa, u fuqarolikdan mahrum etiladi.
Ukrainaga qarshi urushda ishtirok etishni istamagan migrantlarni fuqarolikdan mahrum qilish taklifini o‘tgan yil kuzida Rossiya Tergov qo‘mitasi rahbari Aleksandr Bastrikin taklif qilgan. Shundan so‘ng mamlakatda migrantlarga qarshi reydlar ko‘paygan. Huquq-tartibotchilar Rossiya fuqaroligini olgan migrantlarni tutib, ularni harbiy qayddan o‘tkaza boshlashgan. Dekabr oyida harbiy qayddan o‘tishdan bo‘yin tovlagan xorijliklar Rossiya fuqaroligidan mahrum etila boshlagani haqida xabarlar paydo bo‘lgan. O‘shanda gap Markaziy Osiyo mamlakatlaridan bo‘lgan migrantlar haqida ketgan edi.