Rossiyaning “Gazprom” shirkati Ukrainaning “Naftogaz” shirkati bilan besh yillik shartnoma muddati tugagani munosabati bilan 1-yanvar kuni ertalabdan Ukraina hududi bo‘ylab gaz tranzitini to‘xtatib qo‘ydi.
Kiyev rasmiylari Rossiya gazi tranziti to‘xtatilganini tasdiqlashdi. “Bu tarixiy voqeadir. Rossiya bozorlarini yo‘qotmoqda, u moliyaviy zarar ko‘radi”, deya bildirgan Ukraina energetika vaziri German Galushchenko.
Bu qadam “milliy xavfsizlik manfaati yo‘lida” amalga oshirildi, deyilgan bayonotda.
Avvalroq Kiyev tranzit shartnomasini uzaytirish bo‘yicha muzokaralardan bosh tortgan edi. Rossiya prezidenti Vladimir Putin 2025-yil boshigacha yangi shartnoma tuzish imkoni yo‘qligini aytgan.
Ukraina orqali o‘tgan Rossiya quvuri avvalgidek Rossiya gazini olishni istagan va Ukrainadan shartnoma muddatini uzaytirishni talab qilgan Slovakiya hududiga chiqadi. Slovakiya bosh vaziri Robert Fitso Ukraina tomonidan Rossiya gazi tranziti to‘xtatib qo‘yilishi tufayli Yevropa Ittifoqi ko‘radigan zarar miqdorini yiliga 60-70 milliard yevro, deya baholagan. Fitso YI rahbariyatiga ochiq xat bilan murojaat qilib, unda gaz tranzitidan bosh tortishga qaror qilgan Ukraina va uning prezidenti Vladimir Zelenskiyni tanqid qilgan. Fitsoga ko‘ra, YI ko‘radigan zararni Rossiya ko‘radigan 2 milliard yevrolik zarar qiyoslab bo‘lmaydi.
Slovakiya va Avstriya Rossiya gazining asosiy importchilari bo‘lib hisoblanadi. Ekspertlar bahosiga ko‘ra, Bratislava yerosti omborlaridagi katta gaz zaxiralari hisobiga 2-3 oy Rossiyadan yetkazib beriladigan gazsiz kun o‘tkazishi mumkin. Avstriyadagi holat ham shunga o‘xshash.
Ukraina orqali gaz tranziti to‘xtatilishidan, tahlilchilar fikricha, eng ko‘p Kishinyov zarar ko‘radi, biroq buning gaz bozoriga umumiy ta’siri minimal darajada bo‘ladi.
Shu bilan birga, gaz yetkazib berilishining to‘xtatilishi sezilarli geosiyosiy ma’noga ega bo‘ladi, deya qayd etgan Reuters. 2022-yildan buyon Yevropa Ittifoqi mamlakatlari AQSH, Norvegiya va Qatardan gaz olib, Rossiya gaziga qaramlikni faol ravishda pasaytirib kelishgan. Bu Rossiya Yevropa gaz bozorida ustuvor pozitsiyasini yo‘qotishiga olib kelgan.
2024-yilda Rossiya Yevropaga yiliga taqriban 15 milliard kub metr gaz yetkazib bergan (gaz eksporti hajmining yarmi), bu RFga 6 milliard dollarga yaqin daromad keltirgan. Markaziy va Janubiy Osiyoga hamda Xitoyga yangi gaz-transport yo‘llarisiz bunday hajm o‘rnini tez orada to‘ldirishning imkoni bo‘lmaydi, deb yozgan RBK.