Rossiya harbiylari 31-iyulga o‘tar kechasi Ukrainaga urush boshidan beri dronlar bilan eng ko‘lamli hujumlardan birini amalga oshirdi. Bu haqda Ukraina rasmiylari ma’lum qilishdi.
Ukraina armiyasi Havo kuchlari ma’lumotiga ko‘ra, o‘tgan tunda Rossiya Ukraina hududlariga 89 ta hujumchi dron va bitta raketa yo‘llagan. Ularning barchasi, shu jumladan dronlarning qirqdan ziyodi Kiyev yaqinida urib tushirilgan. Ukraina poytaxtida trevoga yetti soatdan ko‘proq davom etgan.
“Bu iyul oyi mobaynida dushman dronlari bilan Kiyevga qilingan yettinchi hujum bo‘ldi. Poytaxtga yo‘llangan dronlar soni bo‘yicha u 2024-yildagi eng ko‘lamli hujum bo‘ldi”, deya ma’lum qilgan Kiyev ma’muriyati.
Dronlar va artilleriya zarbalari oqibatida Dnepropetrovsk viloyatida ijtimoiy muassasa binosi va ikki avtomobilga shikast yetgan. Boshqa viloyatlar rasmiylari o‘z hududlarida dron hujumidan keyin qurbonlar va vayrongarchiliklar bo‘lmaganini ma’lum qilishgan.
Rossiya Yangi yil kechasida ham Ukraina hududiga qariyb shuncha dron yo‘llagan edi.
BMT ma’lumotiga ko‘ra, ikki yil ichida Ukrainadagi urushda 10 mingdan ziyod odam o‘ldirilgan, qariyb 20 ming kishi yaralangan. BMT rossiyalik harbiylar tomonidan Ukrainadagi tinch aholi orasida qatllar, odam o‘g‘irlashlar, qiynoqlar, ayovsiz muomala va o‘zboshimchalik bilan qo‘lga olish holatlarini hujjatlashtirgan.