Rossiya Bosh prokuraturasi Germaniyaning Konrad Adenauer jamg‘armasi faoliyatini “nomaqbul” deb topdi. BP qaydicha, fond dunyo bo‘ylab 11 ta vakolatxonaga ega.
“Bayon qilingan maqsadlar – demokratiyani olg‘a surish, Yevropa birligini, iqtidorli yoshlar dastaklash va h. Amalda esa Konrad-Adenauer-Stiftung e.V. Rossiya Federatsiyasi rahbariyati, u tomonidan olib borilayotgan ichki va tashqi siyosatni obro‘sizlantiruvchi materiallarni tarqatib kelmoqda”, deyilgan xabarnomada.
Bosh prokuratura mazkur fond Ukrainaga qarshi urush mavzusida “do‘st bo‘lmagan davlat siyosatini olg‘a surmoqda”, uning axboriy faoliyati esa “Rossiya va G‘arb mamlakatlari o‘rtasidagi aloqalarni murakkablashtirish, RFning xalqaro maydondagi siyosiy va iqtisodiy izolyatsiyasi uchun sharoit yaratish, maxsus harbiy amaliyot o‘tkazilayotgan hududlarda harbiy qarshilikni kuchaytirish”ga qaratilgan, deb hisoblaydi.
Germaniya fondi bilan bir qatorda Fransiyaning “Kavkaz xalqlari assambleyasi”, Shveysariyaning Education First va Polshaning “OSTMOST” fondi ham “nomaqbul” deb topilgan.
Rossiyada “nomaqbul” tashkilotlar reyestri 2015-yildan buyon mavjud bo‘lib, o‘tgan vaqt ichida unga 160 dan ziyod OAV, NNT va boshqa birlashmalar kiritilgan. 2024-yil fevralida mazkur ro‘yxatga Ozod Yevropa/Ozodlik radiosi ham kiritilgan edi.
Reyestrga kiritilish tashkilotga Rossiyada ishlash taqiqlanishi, u bilan hamkorlik qilgan fuqarolarga esa jinoiy ta’qib xavf solishini anglatadi. Rossiyada “nomaqbul” tashkilotlar bilan hamkorlik qilganlik va uni moliyalashtirganlik uchun besh yilgacha qamoq jazosi berilishi mumkin.