Joriy yilning 26-noyabr kuni uyushgan tartibda ishga jalb qilingan mehnat muhojirlarining RFda yashash ruxsatnomasi yoki fuqarolik olishini taqiqlash ko‘zda tutilgan qonun loyihasi Rossiya Davlat dumasiga ko‘rib chiqish uchun kiritiladi. Bu haqda davlatga qarashli “RIA Novosti” agentligi “Adolatli Rossiya — Haqiqat uchun” (“Spravedlivaya Rossiya — Za pravdu”) fraksiyasi vakillaridan olingan ma’lumotga tayangan holda xabar qildi.
Fraksiya deputatlari bu kabi migrantlarning oila a’zolari va yaqin qarindoshlarining ham Rossiyaga kirishini taqiqlashni taklif qilishmoqchi.
Bundan tashqari, loyihadan mehnat muhojirlarining Rossiyada bo‘lishi mehnat shartnomasi muddati bilan cheklanishiga oid taklif ham o‘rin olgan. Bu muddat tugaganidan keyin xorijlik ishchi RF hududini tark etishi shart bo‘ladi.
Ish beruvchilarga esa migrantning uyga qaytishi bilan bog‘liq xarajatlar uchun mablag‘ saqlanajak maxsus hisobraqami ochish majburiyati yuklanishi ko‘zlanmoqda. Qonun loyihasida aytilishicha, bunday hisobraqamning bo‘lishi mehnat muhojirining Rossiya kirib kelishi uchun majburiy shartga aylanishi lozim.