Rossiya Federatsiyasi qonun loyihachiligi faoliyati bo‘yicha hukumat komissiyasi noqonuniy migratsiyaga qarshi kurash sohasidagi qonunchilikni kuchaytirishga oid tashabbuslarni ko‘rib chiqmoqda. “Kommersant’” nashri xabar qilishicha, bu qonun loyihalari uchun ijobiy baholar allaqachon hozirlab qo‘yilgan.
Qayd etilishicha, jurnalistlar Rossiya Ma’muriy va Jinoyat kodekslariga tuzatish kiritish bo‘yicha uchta qonun loyihasini qo‘lga kiritishgan. Mazkur loyihalarni “Yedinaya Rossiya” partiyasidan deputatlar Irina Yarovaya va Oleg Morozov tayyorlagan.
Birinchi qonun loyihasi jinoyat sodir etilganda Rossiya hududida noqonuniy bo‘lishni og‘irlashtiruvchi holat o‘laroq qabul qilishni taklif qiladi. Loyiha sharhida, huquq-tartibot idoralari xodimlari ma’lumotiga ko‘ra, Rossiyada 630 mingdan ziyod noqonuniy migrant yurgani iddao qilingan. 2024-yilda ular tomonidan sodir etilgan jinoyatlar soni go‘yo uch baravar oshgan.
Ikkinchi qonun loyihasi bilan noqonuniy migratsiya tashkil qilish maqsadida hujjatlarni soxtalashtirganlik uchun yuridik shaxslarga beriladigan ma’muriy jazoni kuchaytirish ko‘zda tutilgan. Hozirda bu huquqbuzarlik uchun jarima miqdori 400 ming rubldan 1 million rublgachani tashkil qiladi. Deputatlar bu summani 5 million rubldan 10 million rublgacha ko‘tarishni taklif qilishgan. Bundan tashqari, mazkur huquqbuzarlik qayta sodir etilganida, unga beriladigan jazoni ham kuchaytirish rejalanmoqda. Bunday holatda jarima miqdori 10 million rubldan 60 million rublgacha bo‘lishi mumkin.
Uchinchi qonun loyihasida noqonuniy migratsiyani tashkil qilganlik uchun jazoni kuchaytirish taklif qilinmoqda. Hozirda bu jinoiy modda uchun besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi berilishi mumkin, biroq qonunchilikda bu jinoyat uchun qamoqning eng kam muddati belgilangan emas. Deputatlar noqonuniy migratsiya tashkil etganlik uchun sudlanuvchiga kamida ikki yillik qamoq jazosi berilishiga erishishmoqchi. Shuningdek, qonun loyihasida “uyushgan guruh tomonidan sodir etilgan yoki og‘ir yoxud o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etish maqsadida” uyushtirilgan noqonuniy migratsiyani o‘ta og‘ir jinoyat deb hisoblash taklif qilinmoqda.