Rubob yasash va chalish san’ati UNЕSCO'ning Insoniyat nomoddiy madaniy merosi reprezentativ ro‘yxatiga kiritildi.
“Dunyo” axborot agentligi xabariga ko‘ra, bu haqdagi qaror 4-dekabr kuni Paragvay poytaxti Asunson shahrida UNЕSCO'ning Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish bo‘yicha hukumatlararo qo‘mitasining 19-sessiyasida ma’qullandi.
Rubob yasash va chalish san’atini maxsus ro‘yxatga kiritish tashabbusi O‘zbekiston, Tojikiston, Afg‘oniston va Eron tomonidan ilgari surilgan.
Qo‘mita qarorida Markaziy, Janubiy va Janubi-G‘arbiy Osiyodagi eng qadimgi musiqa asboblaridan biri sanalgan rubob ijtimoiy birdamlikni mustahkamlash, madaniy almashinuv va hamjihatlikni rivojlantirishga hissa qo‘shishi ta’kidlangan.
Rubob ijrochiligi O‘zbekiston tashabbusi bilan UNЕSCO'ning Insoniyat nomoddiy madaniy meros reprezentativ ro‘yxatiga kiritilgan 16-element bo‘ldi.
2023-yilda mazkur ro‘yxatga O‘zbekistonning uchta ijtimoiy-madaniy nominatsiyasi (tazkira, iftorlik va kulolchilik badiiy bezagi), 2022-yilda ipakchilik va Xo‘ja Nasriddin latifalari, unga qadar esa Boysun madaniy muhiti, Shashmaqom, Navro‘z bayrami, katta ashula, askiya ijrochiligi, palov va osh bilan bog‘liq an’analar kiritilgandi.
2019-yili Xorazm “Lazgi”si ham O‘zbekiston madaniy merosining unsuri sifatida jahon nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatidan o‘rin olgandi.