Samarqand shahridagi 12-maktab yaqinida yo‘lovchi avtobusi o‘quvchini urib yubordi.
Viloyat IIB YHXB matbuot xizmati qaydicha, hodisa 14-noyabr kuni soat taxminan 8:00 larda Kamoliddin Behzod mahallasi hududida yuz bergan.
Haydovchi Isuzu avtobusini Amir Temur ko‘chasi bo‘ylab boshqarib borayotib maktab yaqinida yo‘lni kesib o‘tayotgan 3-sinf o‘quvchisini urib yuborgan. Bola voqea joyida vafot etgan.
Samarqand shahri ichki ishlar organlari haydovchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan. Haydovchi qamoqqa olingan.
Avtobus haydovchisi maktab oldida katta tezlikda harakatlangani aytilmoqda. Mamlakatda maktab va bog‘chalar yaqinida ta’lim jarayoni bo‘lib o‘tadigan kunlarda maksimal tezlik soatiga 30 km etib belgilangan.
Andijon viloyati Asaka tumanida ham o‘quvchining o‘limiga olib kelgan YTH ro‘y bergan.
“Milliy” telekanalining “Millar” informatsion dasturida xabar berilishicha, 11-noyabr kuni soat 13:00 larda Damas haydovchisi tez harakatlanib kelgan holda piyodalar yo‘lakchasidan o‘tayotgan qizni urib yuborgan.
Keskin tormoz berilishi oqibatida mashina 9 yoshli qizchaning ustiga ag‘darilgan. Hodisadan so‘ng qizcha zudlik bilan shifoxonaga olib borilgan. Ammo muolajalarga qaramasdan u vafot etgan.
Ushbu YTH yuzasidan ham O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 266-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.