Линклар

Шошилинч хабар
05 декабр 2024, Тошкент вақти: 05:01

Samarqandda “muhtojlik sabab” pora olgan IIB xodimi qamaldi


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

Samarqand viloyati Paxtachi tumani IIB Jinoyat qidiruv bo‘limi tezkor vakili poraxo‘rlik sabab jinoiy jazoga tortilgan.

Kun.uz nashrining tergov-sud hujjatlariga tayangan holda xabar qilishicha, 1987-yilda tug‘ilgan L.M. 2005-yildan buyon ichki ishlar organlarida ishlab kelgan.

Tezkor vakil tarkibida oltin zarralari bo‘lgan toshlarni maydalash tegirmonini ishlatishga sharoit yaratib berish, huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan amalga oshiriladigan tadbirlar haqida oldindan ogohlantirib turish hamda javobgarlik choralarini ko‘rmaslik evaziga fuqaro M.Q.dan 6 million so‘mni pora tariqasida olgan paytda ushlangan.

IIB xodimi sudda o‘z aybiga iqrorlik bildirarkan, “muhtoj bo‘lgani”, “turmush o‘rtog‘i va singli kasal bo‘lib qolgani” va “ko‘p miqdorda jarimalari borligi” vajidan pora olganini aytgan.

Jinoyat kodeksining 210-moddasi (pora olish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilishda aybdor deb topilgan xodim 2 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan. Mahkama sudlanuvchi ichki ishlar organlari tizimida 3 yil mansabdorlik va moddiy javobgarlik vazifalari yuklatilgan lavozimlarda ishlashini ham taqiqlagan.

Avvalroq Ozodlik Andijon tumanidagi profilaktika inspektori bangfurushga ko‘maklashgani ortidan 10 yil 2 oy muddatga qamalgani haqida xabar qilgan edi.

XS
SM
MD
LG