Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyati Urgut tumanidagi Soyg‘o‘s mahallasi hududiga 3 ta ayiq kelib, mahalliy aholining chorvasiga hujum qilgani haqida xabar tarqaldi.
Viloyat ekologiya boshqarmasi aniqlik kiritishicha, holat Samarqand va Qashqadaryo viloyatlari chegarasida joylashgan Kunko‘rmas dovonida sodir bo‘lgan.
Soyg‘o‘s mahallasi cho‘ponlari suv sathidan 2500-2700 metr balandlikda, ya’ni qo‘ng‘ir ayiqlarning yashash manzilida chorva boqib kelayotganda maymoqlar to‘rt bosh echkini yeb qo‘ygan. Cho‘ponlarga ham, ayiqlarga ham talafot yetmagan.
Shuningdek, mahalliy aholi ikki kun oldin kechasi ayiqlar Soyg‘o‘s mahallasi yaqiniga tushib kelganini aytgan.
Ayiqlarning aholi yashash joylariga kelishi uchrab turadi.
Joriy yil 15-may kuni Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanidagi 74-sonli maktab hududiga ayiq kirib tajovuzkor harakat qilgan va o‘quvchilar hayotiga xavf tug‘dirgandi.
Pirovardida yirtqich hayvon otib o‘ldirilgan.