Koreyalik sayyohdan tarixiy obyektga kirish uchun noqonuniy ravishda pul talab qilgan ichki ishlar organlarining ikki nafar xodimi ishdan bo‘shatildi.
“Mazkur holat yuzasidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilib, patrul-post xizmati batalyonining ikki nafar xodimi ichki ishlar organi xodimining sha’niga putur yetkazuvchi xatti-harakatlar sodir etgani uchun xizmatdan bo‘shatilgan”, deya iqtibos keltirgan Kun.uz nashri Samarqand viloyati IIB matbuot xizmati rahbaridan .
Xabarda xodimlar shunchaki bo‘shatilganmi yoki ularga nisbatan ish qo‘zg‘atilganmi degan masalaga oydinlik kiritilmagan.
So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda ichki ishlar xodimlarining koreyalik sayyohdan tamagirlik bilan pul undirgani aks etgan videolavha tanqidiy muhokama qilinmoqda.
Park Jun Hei ismli sayyoh YouTube platformasidagi “Deno trip” kanaliga Samarqandga safari haqida video joylagan.
Unda Registonda xizmat olib borayotgan ikki nafar ichki ishlar xodimi tarixiy obyektga kirish uchun chipta qidirib yurgan sayyohdan 50 ming so‘m undirganini ko‘rish mumkin. Xodimlar o‘z xavfsizligi vajidan bo‘lsa kerak, pulni chetdagi chiqindi qutisiga qo‘yib ketishni tayinlaydi. Muallif koreys tilida ichki ishlar xodimlari pora olganini qayd etadi.
2024-yilning 14-sentyabrida joylangan videolavha to‘rt oy o‘tib o‘zbek jamoatchiligi e’tiboriga tushgan.
Ozodlik avval xabar qilganidek, 2024-yil noyabr oyida Toshkent shahri Shayxontohur tumanidagi 4-sonli IIB boshlig‘i o‘rinbosari fohishaxona tashkil qilgan ayoldan pora olgani ortidan ikki yilga qamalgandi.
2024-yil oktyabr oyida esa “muhtojlik vajidan” pora olgan Samarqand viloyati Paxtachi tumani IIB Jinoyat qidiruv bo‘limi tezkor vakiliga hukm o‘qilgandi.