Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 06:16

Shimoliy Makedoniya tarixida ilk bor ayol kishi prezident etib saylandi


Gordana Silyanovska-Davkova (o‘rtada)
Gordana Silyanovska-Davkova (o‘rtada)

Shimoliy Makedoniyadagi prezident saylovining ikkinchi bosqichida Gordana Silyanovska-Davkova g‘alaba qozondi. U mamlakat tarixida prezidentlik kursisini egallaydigan ilk ayolga aylandi.

Saylov byulletenlarining bari sanab chiqilgani ortidan Silyanovska-Davkova 65,1 foiz ovoz, uning raqibi va amaldagi prezident Stevo Pendarovski esa 29,3 foiz ovoz jamg‘argani ma’lum bo‘lgan.

“Ayol kishining prezident etib saylanishidan ham ko‘ra kattaroq o‘zgarish bormi? Men ayollar bilan birgalikda olg‘a bosilgan bu katta qadamni – islohot qadamini qo‘yaman”, degan Silyanovska-Davkova o‘z tarafdorlari oldida qilgan chiqishida.

68 yoshli huquq professori Silyanovska-Davkovaning nomzodi muxolifatdagi “Ichki Makedoniya inqilobiy tashkiloti – Makedoniya milliy birligi demokratik partiyasi” tomonidan ilgari surilgan edi.

Yigirma ikki partiyadan iborat “Sening Makedoniyang” koalitsiyasi yadrosini tashkil qilgan mazkur partiya prezident saylovi bilan bir vaqtda bo‘lib o‘tgan parlament saylovida ham 43,2 foiz ovoz bilan g‘olib kelgan. Yetti yildan buyon hukmron partiya maqomida bo‘lgan Makedoniya Sotsial-demokratik ittifoqi esa 15,4 foiz ovoz bilan parlament saylovida ikkinchi o‘rinni egallagan.

So‘nggi yillarda makedoniyaliklar o‘z mamlakatining Yevropa Ittifoqiga kirish uchun imillab harakatlanayotgani, lanj iqtisodiyot va korrupsiyaga qarshi muvaffaqiyatsiz kurashdan shikoyat qilib kelayotgan edilar.

XS
SM
MD
LG