Shvetsiyada 28-yanvar kuni iroqlik qochqin Salvan Momika otib ketildi. U Qur’oni karimni namoyishkorona yoqilishi tadbirini uyushtirgan shaxs sifatida tanilgan edi.
38 yoshli Momika o‘ziga qarshi sud hukmi chiqishiga bor-yo‘g‘i bir necha soat qolganda Sedertale shahrida o‘ldirib ketilgan. Bu haqda Shvetsiyaning SVT televideniyesi xabar qildi.
Mazkur ish bo‘yicha Momikadan tashqari yana bir kishi sudlanishi lozim edi. Sud hukmining e’lon qilinishi boshqa kunga qoldirilgan, ikkinchi ayblanuvchi esa X ijtimoiy tarmog‘ida: “Keyingi qurbon menman”, deb yozgan.
Politsiya Momika o‘limi bo‘yicha tergov ishlarini olib bormoqda (rasmiy xabarlarda uning ismi aytilayotgani yo‘q). Shvetsiya nashrlari iroqlik qochqin chorshanba oqshomida o‘z uyida TikTok ijtimoiy tarmog‘ida strim olib borayotgan paytda otib ketilgani haqida yozishmoqda. Mazkur jinoyatni kim sodir etgan bo‘lishi mumkinligi yuzasidan hozircha hech qanday taxmin olg‘a surilayotgani yo‘q.
Salvan Momika avvalroq Shvetsiyadan boshpana olgan. U o‘zini ateist deb atar va aksilislomiy keskin bayonotlar bilan chiqishlar qilib turardi. 2023-yilda u bir necha marta Qur’on yoqish aksiyasini o‘tkazgan, bu holat qator musulmon o‘lkalarida qoralashlarga va radikal islomchilar tomonidan terror xuruji tahdidlariga sabab bo‘lgan. Turkiya bu aksiyalarni misol keltirgan holda, Shvetsiyaning NATOga kirishiga rozilik berish jarayoniga to‘sqinlik qilib kelgan.
Shvetsiya rasmiylari 2023-yilda Momika boshpana olish chog‘ida haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlarni taqdim etganligini bildirishib, uni deportatsiya qilish haqida qaror qabul qilishgan, biroq Iroqda unga qiynoq va g‘ayriinsoniy muomala tahdid solishi mumkinligini e’tiborga olgan holda deportatsiya qarori amalga oshirilgan emas.