Линклар

Шошилинч хабар
09 ноябр 2025, Тошкент вақти: 11:38

Shvetsiyadan deportatsiya qilingan faol Dushanbeda qo‘lga olindi


Farhod Negmatov
Farhod Negmatov

Shvetsiyadan deportatsiya qilingan va ijtimoiy tarmoqlarda Tojikiston rasmiylarini tanqid qilib kelgan faol Farhod Negmatov Dushanbeda qo‘lga olingan. Bu haqda Ozodlikning tojik xizmatiga Negmatovlar oilasining yaqin do‘sti ma’lum qilgan.

Faolga qanday ayblovlar qo‘yilgani hozircha noma’lum. IIV va boshqa huquq-tartibot organlari bu haqda hech qanaqa ma’lumot bergan emas. Uning ismi Tojikiston tomonidan qidiruvga berilganlar ro‘yxatida ham yo‘q.

Farhod Negmatov uch qizi bilan birgalikda o‘tgan yilning 27-dekabrida Shvetsiyadan deportatsiya qilingan edi. U Tojikiston poytaxtiga uchib kelishi bilan qo‘lga olingan, uning uch qizi esa So‘g‘d viloyatining Bobojon G‘afurov tumanidan Dushanbega chaqirilgan qarindoshlari qo‘liga topshirilgan. Faolning xotini Yevropadagi boshqa bir mamlakatda yashab keladi.

2019-yili Negmatovlar oilasi Ukrainaga ketgan, biroq bu mamlakatda urush boshlanganidan keyin Shvetsiyaning Geteborg shahriga ko‘chib o‘tgan edi.

“Farhod Negmatov u yerda bir necha bor siyosiy boshpana so‘ragan, biroq har safar unga rad javobi berilgan”, degan Negmatovlar oilasi bilan shaxsan tanish bo‘lgan suhbatdosh.

Ozodlikning bir necha xabardor manbasi Tojikiston rasmiylari Farhod Negmatovni “Hizbut-Tahrir” ekstremistik tashkilotiga a’zolikda ayblayotganini ma’lum qilishgan. Biroq faolning yaqinlari bu ayblovni rad etishmoqda. Ular iddaosicha, u ijtimoiy tarmoqlarda rasmiylarni tanqid qilgani va Islom xalifaligi haqida videoni repost qilgani uchun tovon to‘layapti.

Tojikistonga avval ham Yevropa mamlakatlaridan boshpana so‘rovchilardan bir qanchasi deportatsiya qilingan, keyin esa ular vatanida ozodlikdan mahrum etilgan. Bundan kishilar orasida siyosiy muxolifat vakillari va fuqarolik jamiyati faollari bor.

Inson huquqlari tashkilotlari Yevropa mamlakatlaridan tojikistonlik boshpana so‘rovchilarni deportatsiya qilmaslikni so‘rab, vatanida ular qiynoqqa tutilishi va uzoq muddatga qamalishi mumkinligini aytib kelishadi.

XS
SM
MD
LG