So‘nggi ikki yil ichida olti ming nafar rossiyalik Qirg‘izistondan fuqarolik olgan. Bu haqda parlament qo‘mitasi majlisida Raqamli rivojlanish vazirligi qoshidagi Aholini ro‘yxatga olish departamenti rahbari Arsen Minbayev ma’lum qildi, deb yozdi Ozodlikning qirg‘iz xizmati.
Minbayevga ko‘ra, 2023-yili qirg‘iz pasportini olish uchun Rossiya fuqarolaridan 10 mingga yaqin, 2024-yil boshidan buyon esa 7 mingta ariza tushgan.
2022-yilda Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov 6 ming 316 kishini fuqarolikka qabul qilish va 646 kishini fuqarolikdan chiqarish haqida 24 ta farmon imzolagan. Biroq OAVda rossiyalik mulozimlar, tadbirkorlar va boshqa taniqli shaxslar Qirg‘iziston fuqaroligini olganiga oid xabarlar chiqqanidan keyin prezident saytida bunga oid farmonlarni yoyinlash to‘xtab qolgan, avvalgi farmonlarga ishoratlar esa endilikda ishlamayapti.
Qirg‘iziston fuqaroligini olgan rossiyaliklar orasida “Skolkovo” fondi vitse-prezidenti Kirill Kayem, “Gruppa Orgsintez” AJ direktori Yaroslav Kuznetsov, Rossiyaning Tver viloyati sobiq gubernatori Dmitriy Zelenin, Bitzlato kriptobirjasi hammuassisi Anton Shkurenko, RF hukumatining yuqori sud instansiyalaridagi vakili Mixail Barshchevskiyning qizi Nataliya Barshchevskaya hamda “Aromatniy mir” egasi bo‘lgan tadbirkor Valeriy Zadorinning o‘g‘illari Aleksandr va Mixailning otdoshlari bor.
2024-yilning noyabr oyi boshida Wildberries marketpleysi hammuassisi, rossiyalik tadbirkor Vladislav Bakalchuk Qirg‘iziston fuqaroligini olganini ma’lum qilgan.
Qirg‘izistonda moliyaviy konsalting bilan shug‘ullanuvchi Mixail Juxovitskiy 2024-yil yanvarida “konveyer ishlab yotgani” haqida yozgan edi.
“Odam uchib kelib, 30 daqiqa ichida hujjat topshiradi. Keyingi kelishida pasportini oladi, o‘sha kunning o‘zida ikkala pasporti ham qo‘lida bo‘ladi <...>. Yangi trend: ofis-ofis bo‘lib pasportga hujjat topshirishyapti. Masalan, investitsiya kompaniyasidan to‘rt xodim uchib kelishdi. Hammasi ikki soat ichida hujjat topshirishib, Bishkek bo‘ylab sayrga chiqib ketishdi”, deya iddao qilgandi u. Keyin u “Qirg‘iziston fuqaroligini olish bo‘yicha maslahatlashish uchun ulkan darajadagi biznes egalari tobora ko‘proq murojaat qila boshlagani”ni bildirgan.