Rossiyadagi shirkatlarning yarmidan ko‘pi (53 foiz) xorijlik ishchi yetishmayotganini bildirishgan. Bu haqda “Kommersant” nashri hh.ru so‘roviga tayangan holda xabar qildi.
So‘rovdan ma’lum bo‘lishicha, mehnat bozorida eng ko‘p ishchilarga (53 foiz), quruvchilarga (35 foiz), liniyadagi xizmatchilarga (25 foiz) va ishlab chiqarish personaliga (23 foiz) ehtiyoj sezilmoqda.
Ayni paytda shirkatlarning 46 foizi “u yoki bu” daraja migrant yollash hajmlari qoniqarli ekanini bildirgan.
Rossiya sanoatchilar va tadbirkorlar uyushmasi (RSTU) ma’lumotiga ko‘ra, shirkatlarning uchdan ikki qismi migrant yollashda qiyinchiliklarga duch kelishmoqda. Ish beruvchilarning 56 foizi xorijdan kelganlar orasida kerakli mutaxassislarni topa olmayapti, 36 foizi esa migrantlarni rus tilini yaxshi bilmagani uchun yollay olmayapti. Shirkatlarning 19 foizi qator mintaqalarda mahalliy rasmiylar tomonidan kiritilgan cheklovlardan shikoyat qilishgan.
Rossiyada migrantlarga qarshi qonunlar soni ko‘payib bormoqda. Bu holat ayniqsa Moskva viloyatidagi “Krokus Siti Xoll” savdo markazida sodir bo‘lgan terakt ortidan kuchayib ketgan. Rossiya rasmiylari taxminiga ko‘ra, mazkur hujum tojikistonlik bir guruh fuqaro tomonidan sodir etilgan.
Teraktdan so‘ng Rossiyaning turli mintaqalarida huquq-tartibotchilar xorijliklar yashaydigan va ishlaydigan joylarda reydlar o‘tkaza boshlaganlar. Ayrim holatlarda migrantlar harbiy komissariatlarda qayddan o‘tkazilgan. Shu bilan bir paytning o‘zida Rossiyada millatchilar “reydlari” ham boshlanib ketgan – bu “reydlar” davomida ular migrantlarni ishdan bo‘shatish va qizlarning ro‘mollarini yechishtirishni talab qilishgan.
2023-yilning oktyabr oyida Rossiya Davlat dumasiga xorijliklarga butun mamlakat bo‘ylab maktablarda, farmatsevtika sohasida, davlat tibbiyot muassasalarida, taksi va yuk tashishda ishlashni taqiqlash ko‘zda tutilgan qonun loyihasi kiritilgan. Qator mintaqalarda rasmiylar migrantlarning taksi va boshqa sohalarda ishlashini taqiqlab qo‘yishgan.
2024-yil boshidan buyon IIV xodimlari RFdan 65 mingdan ziyod xorijlik fuqaroni badarg‘a qilishgan hamda 120 ming nafar migrantni mamlakatga qo‘yishmagan. Rossiyada kadr yetishmasligi manzarasida bu mamlakatga migrantlar oqimi so‘nggi 10 yil ichida minimum darajaga tushib ketgan.