Sog‘liqni saqlash vazirligi tibbiyot tizimida korrupsiyaga qarshi keskin va murosasiz kurash olib bormoqchi, deb ma’lum qildi vazirlik matbuot xizmati.
“Vazirlik qoshida manfaatlar to‘qnashuvi va korrupsiya holatlari bo‘yicha tezkor xabar berish, xato-kamchiliklarning o‘z vaqtida oldini olish va ularni bartaraf etish maqsadida respublika bo‘yicha yagona 1203 raqamli “Ishonch telefoni” faoliyati yo‘lga qo‘yilgan”, deyiladi rasmiy bildirgida.
SSV vatandoshlarni o‘zlari guvoh bo‘lgan korrupsiya holatlari haqida “Ishonch telefoni”, shuningdek, 71 241-10-65 raqami, yangi ishga tushirilgan rasmiy telegram bot (https://t.me/ssvantikor_bot), kunu tun faoliyat olib boruvchi 1003 qisqa raqamli “Call-markaz” yoki info@ssv.uz elektron pochtasi orqali xabar yo‘llashga undagan.
Ma’lumotlarning sir saqlanishi kafolatlanishi va hech bir murojaat e’tibordan chetda qolmasligi ta’kidlangan.
Rasmiy statistikaga ko‘ra, sog‘liqni saqlash tizimi ta’lim jabhasi kabi korrupsiya ko‘p uchraydigan yo‘nalish sanaladi.
Joriy yil 21-sentyabr kuni Oliy Majlis senatida taqdim etilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha uchinchi milliy ma’ruzada ham bu turdagi oid jinoyatlar bo‘yicha sudlangan shaxslarning aksariyati ta’lim muassasalari, banklar, hokimliklar va sog‘liqni saqlash tashkilotlari xodimlari ekani aytilgan.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga ko‘ra, 2024-yilning birinchi yarmida O‘zbekistonda 3837 nafar shaxs korrupsiyaga oid jinoyat sodir etgani uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan. Ular orasida sog‘liqni saqlash sohasi vakillari ko‘pchilikni tashkil etadi.