Suriyaning yangi o‘tish davri hukumati siyosiy bo‘limi vakili Ubayda Arnavut Moskva ittifoqchisi — sobiq prezident Bashar Asad hokimiyatdan ag‘darilganidan keyin Rossiyani bu mamlakatdagi o‘z harbiy hozirligini qayta ko‘rib chiqishga chaqirdi. Bu haqda Euronews xabar qildi.
“Men Rossiya Suriya hududidagi o‘z hozirligi va o‘z manfaatlarini qayta ko‘rib chiqishi lozim, deb hisoblayman”, degan Arnavut. Unga ko‘ra, Moskva o‘zida “Suriya xalqiga qarshi dushmanlik yo‘q”ligini namoyish qilish uchun yangi ma’muriyat bilan hamkorlik qilishi mumkin.
Rossiya Suriyada ikkita harbiy bazaga ega: bular Latakiya porti yaqinidagi Xmeymim havo bazasi va O‘rtayer dengizi sohilida joylashgan Tartusdagi harbiy-dengiz bazasidir. U yerda rossiyalik harbiylar hozirligiga oid shartnoma Moskva bilan Damashq tomonidan 2017-yilda 49 yil muddatga tuzilgan. Mazkur bazalar Kremlning strategik jihatdan eng muhim obyektlaridan bo‘lib hisoblanadi.
Tartusdagi baza ayniqsa juda ahamiyatli, chunki u Rossiyaga to‘g‘ridan to‘g‘ri O‘rtayer dengiziga chiqish uchun yagona yo‘l, dengiz mashqlari o‘tkazish va harbiy kemalar joylashtirish uchun yagona nuqta o‘laroq xizmat qiladi.
G‘arb razvedkasi va tahlilchilar Rossiya qo‘shinlari Suriyadan olib chiqib ketilayotgani haqida ma’lum qilishgan, biroq Moskva hali bu ma’lumotni tasdiqlaganicha yo‘q.
Avvalroq Rossiya harbiy texnikasining katta karvoni Latakiyadan Tartus tarafga qarab yo‘lga chiqqani haqida xabarlar paydo bo‘lgan. Tadqiqotchilar sun’iy yo‘ldosh tasvirlarini tahlil qilishib, Tartusdagi bazaga yuk mashinalari va BTRlar kelganini aniqlashgan. Ayni paytda tasvirlarda harbiylar ham, transport kemalari ham ko‘rinmaydi.
Bundan tashqari, Rossiya so‘nggi kunlarda Damashq yaqinidagi hududlardan Latakiyadagi Xmeymim havo bazasiga kamida 400 nafar harbiyni yo‘llagani haqida xabar qilingan edi.
Kreml so‘zchisi Dmitriy Peskov kuni kecha Suriyada Rossiya bazalarining hozirligi masalasiga hozircha aniqlik kiritilmagani va u yangi rasmiylar bilan muloqot yo‘li bilan hal qilinishini bildirgan.
Aksilhukumat kuchlari tomonidan Damashq egallab olingani ortidan bir hafta o‘tar-o‘tmas rossiyalik harbiylarning ko‘chirilishi Rossiya qo‘shinlari Suriyadan olib chiqib ketilishi mumkinligiga oid taxminlar urchishiga sabab bo‘lgan.
O‘z navbatida, CNN telekanali manbalardan olingan ma’lumotlarga tayangan holda Rossiya kemalari Tartusdan Liviyaga yo‘l olgani haqida xabar qildi. Telekanal suhbatdoshlariga ko‘ra, ayni paytda Rossiya Beng‘ozi portidan baza taqdim etish talabi bilan mamlakatning katta qismini nazorat qilayotgan marshal Xalifa Xaftarga kuchli bosim o‘tkazmoqda.