Suriyada hukumatga qarshi kechayotgan qurolli harakatlarda ishtirok etayotgan O‘zbekiston fuqarosi Davlat Tillaberdiyev qidiruvga berildi. Bu haqda Qalampir.uz nashri Ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga tayangan holda xabar qildi.
D. Tillaberdiyev 1995-yilda Jizzax shahrida tug‘ilgan. Davlat xavfsizlik xizmati hamda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi hamkorligida o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida ushbu shaxs Turkiyada xalqaro terroristik tashkilot ta’siriga tushgani, 2019-yilning sentyabr oyida aylanma yo‘llar orqali Suriyaga ketgani aniqlangan.
Huquq idoralari qaydicha, o‘sha yili Tillaberdiyev mazkur davlat hududida “Tavhid va jihod katibasi” xalqaro terrorchilik tashkilotining Havon harbiy bazasida maxsus tayyorgarlikdan o‘tib, Damashq hukumatiga qarshi qurolli harakatlarda ishtirok eta boshlagan.
Mazkur shaxs O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 155-2-moddasi (terrorchilik faoliyatini amalga oshirish maqsadida o‘quvdan o‘tish, chiqish yoki harakatlanish), 244-2-moddasi (diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish) hamda 244-1-moddasi (jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) bo‘yicha ayblanmoqda.
O‘tgan hafta Suriyada Turkiya bilan aloqasi borligi aytiladigan “Hay’at Tahrir ush-Shom” terror guruhi va boshqalar doxil islomiy guruhlar prezident Bashar Asad nazorati ostidagi Suriya armiyasi va unga ittifoqdosh bo‘lgan eronparast guruhlarning Halab shahri g‘arbidagi pozitsiyalariga keng ko‘lamli hujum boshlagan.
Qurolli to‘qnashuvlar chog‘ida jihodchilar hukumat armiyasining strategik jihatdan muhim nuqtalari va aholi punktlarini egallab olishgan. Hujumlarga javoban Suriya armiyasi rossiyalik harbiylar bilan birgalikda qurolli guruhlar pozitsiyalariga zarba berish uchun aviatsiyani ishga solgan.
Sodir bo‘layotgan voqealar so‘nggi yillarda Suriyada kuzatilayotgan fuqarolar urushining eng yirik eskalatsiyasiga aylanishi mumkin.