Линклар

Шошилинч хабар
23 январ 2025, Тошкент вақти: 19:16

Surxondaryoda sarrofni o‘ldirgan shaxs qariyb 20 yilga qamaldi


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tumanida 40 yoshli erkak sarrof tanishini urib o‘ldirgan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Sho‘rchi tuman sudi ushbu qotillikda ayblangan fuqaroga 19 yil 6 oyga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlagan.

Gazeta.uz nashrining sud hujjatlariga tayangan holda yozishicha, sudlanuvchi 2024-yilning aprel oyida Denov tumanida pul ayirboshlash bilan shug‘ullanuvchi tanishini uyiga chaqirib, 2000 dollar pulini so‘mga almashtirmoqchi ekanini aytgan.

Fuqaro tanishi yonida pul bilan kelganiga ishonch hosil qilgach, uni yog‘och dasta bilan shafqatsizlarcha kaltaklab o‘ldirgan.

Jarohatlar sabab vafot etgan jabrlanuvchini gilamga o‘rab, hovlisidagi chuqurga ko‘mib qo‘ygan. Unga tegishli 139 million so‘m pulni esa o‘zlashtirgan.

Sud majlisida erkak aybiga to‘liq iqror ekani, qilgan ishidan pushaymonligini bildirgan. Shuningdek, u tanishi tomonidan kamsitilgani ortidan qotillik qilganini aytgan.

Ayblov tomoniga ko‘ra esa, fuqaro sarrofning pullarini o‘zlashtirish maqsadida jinoyatga qo‘l urgan.

Sudlanuvchi O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “i”, “c” bandi, (o‘ta xavfli retsidivist tomonidan tamagirlik niyatida qasddan odam o‘ldirish), 164-moddaning 4-qismi “b” bandi (o‘ta xavfli retsidivist tomonidan bosqinchilik) va 226-moddaning “a” bandida (ma’muriy nazoratdan bo‘yin tovlash maqsadida o‘z istiqomat joyini o‘zboshimchalik bilan tashlab ketish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor, deb topilgan.

Bungacha ham 3 marotaba sudlangan ayblanuvchi “o‘ta xavfli retsidivist” deb e’lon qilingan.

XS
SM
MD
LG