Surxondaryo viloyati Denov tumani Buyuk kelajak MFY hududidagi 16 qavatli turarjoyda yashovchi qiz yuqori qavatdan tushib ketib halok bo‘ldi, deya xabar qildi o‘tgan hafta yakunida “Sevimli” telekanalining “Zamon” informatsion dasturi.
O‘n yetti yoshli qiz 6-qavatdan qulab, voqea joyida halok bo‘lgani ma’lum qilingani holda, o‘limga doir boshqa tafsilotlar ochiqlanmagan.
Mahalla raisiga ko‘ra, marhuma oilaning to‘ng‘ich farzandi bo‘lgan, maktabda ham a’lo baholarga o‘qigan. Qizning oilasida muqaddam janjal-to‘polon kuzatilmagan.
Voqea yuzasidan dastlabki surishtiruv olib borilayotgani aytilmoqda.
So‘nggi yillarda ko‘p qavatli uydan tushib ketish oqibatida o‘nlab o‘lim holati qayd etilgan.
Joriy yil 4-avgust kuni Toshkent shahri Sergeli tumanida istiqomat qiluvchi 15 yoshli X.S. 5-qavat derazasidan ehtiyotsizlik oqibatida tushib ketib vafot etgan.
2023-yil 18-noyabr kuni Toshkent shahri Yunusobod tumanida 32 yoshli erkak turarjoy binosining 15-qavatidan sakrab vafot etgan. Bosh prokuraturaga ko‘ra, erkak 2020-yildan buyon ruhiy kasalliklar shifoxonasida shizofreniya tashxisi bilan ro‘yxatda turgan.
2023-yil 12'iyun kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida 27 yoshli ayol oilasi bilan yashagan uyi 4-qavatidan qulab vafot etgan.
2022-yil 9-iyun kuni Samarqand shahri “Qorasuv” maskanidagi 81-uyda ham ana shunday baxtsiz hodisa ro‘y bergan. Qarovsiz qoldirilgan 1,5 yashar qizcha 10-qavatdan tushib ketib voqea joyida nobud bo‘lgan.