O‘zbekiston kriptoaktivlarni qabul qilish bo‘yicha global indeksda Markaziy Osiyo va Kavkazda birinchi, dunyoda esa o‘ttiz uchinchi o‘rinni egalladi. RISE Research kompaniyasi tomonidan Freedom Horizons, KPMG Caucasus and Central Asia, Heemera, “Ostona” xalqaro moliya markazi, Qozog‘iston Milliy to‘lov korporatsiyasi va Mastercard kompaniyasi hamkorligida o‘tkazilgan tadqiqot shundan dalolat beradi.
Raqamli moliyaviy aktivlar bozorini o‘rganish bo‘yicha tadqiqotda qayd etilishicha, O‘zbekiston yosh, texnologik jihatdan savodxonligi yuqori aholi ulushi ortib borayotgani evaziga markazlashmagan moliyani qabul qilish bo‘yicha global reytingda sezilarli o‘sishga erishgan.
2023-yilda mamlakatda 512,3 ming fuqaro (umumiy aholining 1,46 foizi) kriptoaktivlarga egalik qilgan.
Joriy yil oktyabr holatiga ko‘ra, mamlakatdagi kriptosanoatda 15 ta litsenziyaga ega xizmat ko‘rsatuvchi provayder (2 kriptobirja, 3 kriptodepozitariy va 10 kriptodo‘kon) mavjud. Ularning aylanmasi 1 milliard dollardan oshgan. 2022-yildan buyon davlat budjetiga tushumlar hajmi esa 3,6 million dollardan ko‘proqni tashkil etgan.
Gazeta.uz nashrining aniqlik kiritishicha, global kriptovalyutani qabul qilish indeksi turli mamlakatlarda aholi va korxonalar kriptovalyutalardan kundalik operatsiyalar, investitsiyalar va boshqa moliyaviy maqsadlarda qanchalik faol foydalanayotganini tushunishga yordam beradi. Indeks turli omillar tahliliga asoslanadi va mamlakatlarning kriptovalyuta iqtisodiyotidagi ishtirokini qiyosiy aks ettirish maqsadida tuziladi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston rezidentlari kriptoaktivlarga faqat mamlakatda litsenziyalangan provayderlar orqali egalik qilishi mumkin. Kriptoaktivlarning noqonuniy aylanmasi uchun esa javobgarlik joriy etilgan. Ushbu huquqbuzarlik uchun jarimadan tortib 5 yilgacha qamoq jazosi ko‘zda tutilgan.
Mamlakatda bir necha kishi noqonuniy kriptovalyuta oldi-sotdisida ayblanib, mahkamaga tortilgani ma’lum.