Tataristondagi chorvadorlik fermasi binosida chiqqan yong‘inda O‘zbekiston va Rossiya fuqarolari nobud bo‘lgan. Bu haqda “Interfaks” agentligi Tatariston Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat vazirligi matbuot xizmatidan olingan ma’lumotga tayangan holda xabar qildi.
“Besh erkak - O‘zbekiston fuqarosi, biri esa Rossiya fuqarosi”, deya iqtibos keltirgan agentlik vazirlik matbuot xizmati xodimi so‘zlaridan.
Yong‘in chog‘ida halok bo‘lgan kishilar “Mir” MCHJ xo‘jaligi ishchilari bo‘lgan.
Alabuga tumanining Malorechenskiy qishlog‘idagi ishchilar vaqtincha joylashtirilgan uyda yong‘in 24-dekabrga o‘tar kechasi sodir bo‘lgan. Hodisa chog‘ida uy ichida 39 kishi bo‘lgan, 33 kishi uydan qochib chiqishga muvaffaq bo‘lgan.
Yong‘in chog‘ida qurbon bo‘lgan olti kishidan tashqari yetti kishi turli darajada tan jarohati olgani aytilmoqda.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 300 kvadrat metrni qamragan alanga 14 nafar o‘t o‘chiruvchi va Rossiya FVVga qarashli to‘rtta texnika yordamida o‘chirilgan. Yong‘inga elektr jihozlaridan foydalanish qoidalari buzilgani sabab bo‘lgani taxmin qilinmoqda.
Tatariston rahbari Rustam Minnixanov hodisa ortidan respublika agrofermalarida ishchilar uchun vaqtincha qo‘nimgoh o‘laroq foydalanilayotgan bancha binolarni tekshirish haqida topshiriq bergan.